22:59 / 25.07.2016
38227

Ruslan Chagayev WBA kamaridan mahrum etildi

O‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagayev Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) versiyasi bo‘yicha muntazam chempionlik kamaridan mahrum bo‘ldi. Boxing Scene tarqatgan xabarga ko‘ra, u tashkilotning titulni himoya qilish bo‘yicha talablarini bajarmagan.

WBA Braunni chempionlik kamaridan mahrum etib, 6 oyga diskvalifikatsiya qilgach, Chagayevga puerto-rikolik da'vogar Fres Okendo bilan himoya jangi o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar uchun 120 kun muhlat bergandi. Tashkilot Chagayevning vakillari shu vaqtgacha muzokaralarni boshlamagani uchun shunday qaror chiqargan. 

Eslatib o‘tamiz, Ruslan Chagayev va Lukas Braun o‘rtasidagi chempionlik jangi 5 mart kuni Grozniy shahrida o‘tkazilgandi. Unda o‘zbekistonlik bokschi raqibiga 10-raundda texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘lgandi.

May oyida avstraliyalik 37 yoshli Lukas Braunning doping uchun topshirgan takroriy test namunalarida taqiqlangan klenbuterol moddasi borligi aniqlandi va u chempionlik kamaridan mahrum etilib, uning kamari Chagayevga qaytarildi.

Top