18:32 / 26.07.2016
7019

Dunyo mamlakatlari aholisining shaxsiy turar-joy bilan bog‘liq muammosi

Nyu-York shahri hokimi Bill De Blaziyu o‘ziga xos antiqa bir qonunga imzo chekdi. Unga ko‘ra, nyu-yorklik xususiy uy egalari bir yillik shartnoma tuzgandan so‘ng yana shu xonadonda qolishni istaganlardan ortiqcha ijara haqi ololmaydi. Ya'ni narxlar eskiligicha qolaveradi.

Agarda ijaraga beruvchi ikki yillik shartnoma tuzgan bo‘lsa, ko‘chmas mulk egasi ijarada turuvchidan 2 yarim foizdan ortiq haq ololmaydi. Shuni alohida ta'kidlash joizki, Nyu-York hokimligi 2 yildan buyon ijara haqini oshirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni amalga tatbiq etmoqda. Umuman olganda, bu yirik Megapolisda 1969 yildan buyon uylarni ijaraga olish tartibi nazorat qilinadi. AQShda fuqarolarni uy-joy bilan ta'minlash masalasi bo‘yicha o‘ziga xos muammolar mavjudligi sir emas. Okean ortidagi mamlakatda 30 yilga mo‘ljallangan uzoq muddatli Ipoteka krediti beriladi. Shu boisdan ko‘pchilik amerikaliklar ana shu imtiyozdan foydalanishga intilishadi. Biroq Ipoteka kreditidan bebahra qolgan minglab uysizlar maxsus ajratilgan joylarda, keksayib qolgan ota-onalarining yordamiga muhtojligicha qolaveradi.

1937 yilda olamshumul depressiya vaqtlarida aholining ehtiyojmand qatlami uchun dastlabki yordam dasturi tadbiq etila boshlandi. Unga ko‘ra, kambag‘allarga uncha qimmat bo‘lmagan narxda uy-joylarni ijaraga berish tajribasi qo‘llanila boshladi. O‘tgan asrning 60-yillarida mamlakat hukumati uylarni ijaraga berish davlat dasturini joriy etdi. Unga ko‘ra, hukumat xususiy uy egalari bilan uylarni ehtiyojmand oilalarga past narxda ijaraga berib, buning evaziga davlatdan tovon puli olish tartibini joriy etdi. 1970 yilda subsidiya berish to‘g‘risidagi qonun ham kuchga kirdi.

Avstraliyada bu boradagi masala ham ko‘pchilikni befarq qoldirmasa kerak. Yashil qit'adagi uy-joylarning 65 foizi xususiy mulk egalari qo‘lidadir. 1 million 100 mingdan ortiq oilalar uy-joy muammosini boshidan kechirayotir. Ya'ni, ular olayotgan daromadining 30 foizdan ortig‘ini boshpanasi uchun sarflaydi. Ijara tarmog‘ida yarim milliondan ortiq uy-joylar tanqisligi sezilmoqda. Mamlakatda 2001 yildan buyon 380 mingta ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar uchun uy-joylar borligi ro‘yxatga olingan. 

Yevropada bu boradagi vaziyat qanday? Ispaniyada yashovchilarning 83 foizi o‘z uyiga ega. Bu Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. 8 foiz ispaniyalik oila ijarada yashaydi. Ulardan bir foizi ehtiyojmand oilalar sanaladi. Ispaniyada Vi-Pi-Pi dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra, yiliga 100 mingta oilaga davlat subsidiyasi ajratiladi. Dasturga ko‘ra, ular 30 yil davomida ana shu imtiyozdan foydalanish huquqiga ega. Moliyaviy inqirozga qadar Ispaniya tijoriy uy-joylar qurilishi bo‘yicha ancha ilgarilab ketgan bo‘lsa, hozir bunyod etilayotgan binolarning 3 dan bir qismi ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga mo‘ljallangan. Joylardagi munitsipalitetlarga ko‘p narsa bog‘liq. Aynan bu idora kimga va qay tariqa subsidiya berish, qanday uylarni qurish va ta'mirlash masalasiga aniqlik kiritadi. Buyuk Britaniya ko‘chmas mulklar borasida dunyodagi eng qimmat mamlakatlar sirasiga kiradi. Qirollikda uy-joylar yetishmaydi.

Ijarada yashayotgan 70 foiz fuqarolar uy egalari bilan birga istiqomat qiladi. Bu Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Buyuk Britaniya o‘tgan asrning 40-yillari oxirlaridan boshlab aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturini ishlab chiqqan yagona davlat bo‘lsa-da, bu masalani ijobiy hal etishning uddasidan chiqolmayapti. Ayni paytda 700 mingdan ortiq oila uy-joy olish uchun ro‘yxatda turibdi. 1 milliondan ziyod uy-joylar yashash uchun yaroqsizdir.

Bundan tashqari, yana yarim million britaniyalik talabga javob bermaydigan uylarda yashashga majbur. To‘g‘ri, qirollikda uy-joy olayotgan yosh oilalarga davlat tomonidan ko‘chmas mulkning 17 yarim foizi miqdorida davlat subsidiyasi ajratiladi. Biroq og‘ir ahvolda yashayotgan fuqaro bozor narxida qimmat turadigan uyni sotib olishga qurbi yetmaydi. 

Azimjon Po‘latov

Top