13:06 / 26.07.2016
9361

Ferrari top-menejyeri: “Har qancha pul taklif qilishmasin, biz pushti rang mashina yasab bermaymiz”

Ferrari kompaniyasining eksklyuziv superkarlar ishlab chiqarish bo‘limi 2021 yilga qadar buyurtmalar oldi. Bu haqda italyan markasining tijoriy direktori Enriko Gallera Autocar nashri bilan intervyusi paytida aytib o‘tgan.

Ayni vaqtda One-Off dasturiga muvofiq bir yilda uch donadan ortiq avtomobil chiqarilmayapti. Ushbu dastur mohiyati Ferrari sportkarlarini mijoz talabiga binoan bir dona chiqarishdan iborat. Buyurtmalar ko‘p bo‘lishiga qaramay kompaniya ushbu prinsipini o‘zgartirishni rejalashtirmayapti. Shu sabab har bir mashinani yasashga 18 oydan 24 oygacha vaqt ketadi.

Galleraning so‘zlariga ko‘ra, agar mijozlar talabi kompaniya siyosatiga to‘g‘ri kelmasa, Ferrari o‘sha mijozning buyurtmasini qabul qilmaydi. Masalan, ishlab chiqaruvchi avtomobilni hech qachon atirgul rangiga bo‘yamaydi.

Ferrari 458 MM Speciale

“Loyiha brend g‘oyasi bilan uyg‘un bo‘lishi lozim. Kimdir atirgul rangli Ferrari qilib berishlarini so‘rasa, biz unga rad javobini beramiz. Agar kimdir GTC4 Lusso xardkor poyga avtomobilini istasa, biz uni ham inkor etamiz. Xullas, har qancha pul taklif qilishmasin, agar buyurtma bizning siyosatimizga to‘g‘ri kelmasa, javobimiz “yo‘q” bo‘ladi”, — dedi top-menejyer.

Top