14:22 / 26.07.2016
22116

Qaynona-kelin munosabati jahonning boshqa mamlakatlarida qay holatda?

Psixologlarning fikricha, qaynona kelin o‘rtasidagi murakkab munosabatlar jahonning barcha mamlakatlarida uchraydi. Ayrim mamlakatlarda bu muammoni hal qilishga erishilgani aytiladi. Sharqda qaynona-kelin muammosi kuzatilsa, G‘arbda qaynona-kuyov muammosi bor. Latifalar orqali ayni damda o‘zimizda ham qaynona-kuyov muammolari jamiyatimizga singib borayotgandek, go‘yo.

Sulaymon orollarida kelin qaynonasi bilan bir uyda istiqomat qiladi. Ular o‘rtasida kamdan kam mojaro chiqadi. Buning sababi oddiy. Mahalliy urf-odatlarga ko‘ra, kelin va qaynona bir vaqtda xo‘jalikdagi ishni bajarishi kerak emas. Ya'ni, uy ishini yo kelin, yo qaynona bajarishi kerak. Mehnatning bu kabi taqsimlanishi urush-janjallarning oldini olishga xizmat qiladi.

Hindistonda turmushga chiqqan qiz qaynonasining har bir so‘zi o‘zi uchun qonun ekanini anglab yetishi kerak. Qaynona o‘ziga berilgan “huquq”ni suiist'yemol qilish holatlari ham uchrab turadi. Bu o‘z navbatida, jinoyatga yetaklaydi. Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, rasmiylar qaynonalar uchun maxsus qamoqxona ochishga majbur bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, Dehlidagi “Tixar” qamoqxonasida qaynonalar uchun maxsus bo‘lim joriy qilindi. Qaynonalar qaysi gunohlari uchun ozodlikdan mahrum qilinadi? Birinchi navbatda, ta'magirlik uchun. To‘g‘rirog‘i, kuyovning onasi kelindan qalin talab qiladi. Ayni shu narsa, ya'ni qalin berish Hindiston qonunlarida taqiqlanadi. Ammo shunga qaramay ko‘pchilik ayollar eskicha an'analarga ko‘ra yashashni xohlashadi.

Ma'lumki, Hindistonda qadim-qadimdan kelinning oilasi kuyovning oilasiga qalin to‘laydi. Shu sababli ham qaynonalar “bu an'anaga sodiq qolish kerak”, degan fikr bilan yashaydilar. Tahlilchilarning fikricha, rasmiy statistikaga ko‘ra, har yili 5000–7000 qiz ta'magirlikning qurboniga aylanadi. Ularning ko‘pchiligi oilasi qalin to‘lay olmagani uchun o‘z jonlariga qasd qilishgacha boradi. O‘z joniga qasd qilishga esa qaynonalarning zulmi majbur qiladi. Buning uchun qaynonalar sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilinib, maxsus qamoqxonaga yuboriladi. So‘nggi vaqtlarda kelinlar qaynonalariga qarshi turishga intilishmoqda. Kelinlar “eng yaxshi himoya - bu hujum” aqidasiga amal qilishmoqda. Buning natijasi o‘laroq, qaynonalar ham birlashishga qaror qilishdi. Ayni damda o‘z huquqlarini himoya qiluvchi qaynonalar uyushmasi tashkil etilgan.

Koreyada qadim-qadimdan “katta o‘g‘il ota-onasi bag‘rida qolishi kerak”, degan an'ana bor. Bu an'ana ota-onalar keksayganda katta o‘g‘il yordam berishini nazarda tutadi. Shu sababli ham katta kelin murakkabliklar bilan to‘qnash keladi. Tadqiqot o‘tkazgan tahlilchilarning fikricha, Koreyada qaynona va kelin o‘rtasidagi munosabatlar hamon murakkabligicha qolmoqda. Hozirgiga qaraganda, an'analarga ko‘proq itoat qilingan 1974 yilda o‘tkazilgan so‘rovda qatnashgan qizlarning atigi 13,4 foizi katta o‘g‘ilga turmushga chiqish xohishi borligini aytgan edi. Ulardan hech kim yakka o‘g‘ilga turmushga chiqish niyati borligini aytmagan. 2010 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalari koreyslarning turmush tarzi o‘zgarmaganini oydinlashtirdi. Mustaqil bo‘lishga intiluvchi yoshlar qaynonaga itoat qilishni xohlamaydi. Bu o‘z navbatida, turli mojarolarga sabab bo‘ladi. Qaynona bir vaqtlar o‘z qaynonasiga bo‘ysingani kabi kelini ham o‘ziga xuddi shunday bo‘ysinishni istaydi. Biroq g‘arbona tarbiya ko‘rgan kelin qaynonaning xizmatkori bo‘lishdan o‘zini olib qochishga urinadi.

Meksikadagi vaziyatga havas qilsa arziydi. Bu mamlakatda qaynona kelin g‘avg‘osi yo‘q. Ular bir-birlari bilan o‘zaro dugonaga aylanib ketishlari aytiladi. Kelin o‘z qaynonasiga nozik sirlarini aytishi odatiy holdir. O‘z navbatida, qaynona o‘g‘li va keliniga har tomonlama yordam berishga intiladi. Bu turli maishiy muammolarni hal qilishga va mojarolarning oldini olishga hissa qo‘shadi.

Italiya erkaklarining o‘z onalariga bo‘lgan muhabbati haqida ko‘p yozilgan. To‘ydan keyin ham ona alohida yashayotgan bo‘lishiga qaramay o‘g‘lining hayotiga aralashaveradi. To‘g‘ri, ayrim Sharq mamlakatlaridan farqli ravishda Italiyada qaynonalar kelinlari o‘zlarining xizmatlarini qilishini talab qilmaydi. Biroq o‘g‘lining rafiqasi qanday kiyinishi, qanday bo‘yanishi, nimalarni xarid qilishi bilan qiziqishga haqli ekanini bot-bot eslatib turadi. Bu quruq gap emas. Agar kelin qaynonaning nasihatlariga amal qilsa nur ustiga a'lo nur. Aks holda qaynonaning g‘azabiga duchor bo‘lishi turgan gap. Agar kelin qaynona bilan birga yashaydigan bo‘lsa, bu kabi baxt har kimga ham nasib qilavermaydi. Italiyalik qaynona bilan tortishishning mutlaqo iloji ham, imkoni ham yo‘q. Faqat qaynonagina kelini va o‘g‘li qanday baxtli hayot kechirishini biladi.

Norvegiyada yoshlar allaqachon ota-onalaridan alohida yashashga o‘rganib bo‘lishdi. Oilada kattalar va kichiklar o‘rtasidagi munosabatlar tenglik asosiga qurilgan. Shu sababli ham bu mamlakatda kelinlar qaynonalaridan biror bir maslahat yoki topshiriq olishga odatlanmagan. Kelinlarning o‘zlari ham ko‘mak so‘rab qaynonalariga murojaat qilishmaydi. Yoshlar o‘z muammolarini o‘zlari hal qiladi. Mabodo qandaydir muammo paydo bo‘lib qolsa, kelin-kuyovlar ota-onalariga emas, balki psixologga yordam so‘rab, murojaat qilishadi. Kelin erining yaqin qarindosh-urug‘lari bilan kamdan-kam hollarda - unda ham oilaviy tadbirlarda uchrashadi.

Sharofiddin To‘laganov

Top