20:18 / 26.07.2016
19128

Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Rossiyaning to‘ntaruvdan ogoh qilgani haqidagi gaplarga izoh berdi

Google image

Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Mexmet Shimshek Rossiya go‘yoki Turkiyada davlat to‘ntaruviga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan ogohlantirgani haqidagi ma'lumotga ega emas. 

"Menda bu borada ma'lumot yo‘q, - deb javob berdi Shimshek tegishli savolga. – Biroq aytib o‘taman, fitnaning ertasiga eng jiddiy qo‘llab-quvvatlovni Rossiya ko‘rsatdi. Rossiya Turkiyaning qonuniy hukumati tarafdori ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Biz Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qo‘ng‘irog‘ini yuqori baholaymiz. Bu qo‘llab-quvvatlov juda kuchli bo‘ldi".  

Avvalroq Eronning Fars axborot agentligi Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an to‘ntaruvdan bir necha soat oldin Rossiyadan to‘ntaruvga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ogohlantirish olganini ma'lum qilgan. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, bunday ma'lumot Anqaradagi diplomatik manbalarga iqtibos keltirgan holda bir necha arab OAV tomonidan taqdim qilingan. Ularning ta'kidlashicha, Turkiya Milliy razvedka tashkiloti rossiyalik hamkasblari tomonidan "davlat to‘ntaruvi muqarrar yuz berishidan" ogohlantirilgan.      

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunga quyidagicha izoh bergan: "Men bunday ma'lumotga ega emasman va Fars agentligi iqtibos keltirayotgan manbalarni bilmayman".

Shimshek, shuningdek, davlat to‘ntaruviga urinish tashkilotchilari uchun o‘lim jazosi belgilash haqidagi qaror qabul qilinmaganini qo‘shimcha qildi.

"Bu terrorchilik tashkilotiga aloqador shaxslar vaqtinchalik o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishdan chetlatildilar, yakuniy qarorni sud qabul qiladi. Ularni doimiy asosda chetlatish masalasi qonun doirasida hal qilinadi. Tashkilotchilar uchun o‘lim jazosi belgilash imkoniyatiga kelsak, bu qaror qabul qilinmadi", deb aytgan Shimshek.

Top