10:47 / 27.07.2016
9672

Nyu-Yorkdagi ikkita bankni o‘margan uch jinoyatchi qo‘lga olindi

FQB agentlari va Nyu-York politsiyasi xodimlari ikkita bankni o‘marganlikda gumon qilib, uch shaxsni qo‘lga oldi. 

FQBning Nyu-York bo‘limi ma'lum qilishicha, joriy yilning aprel va may oylarida ushbu jinoyatchilar “Bruklin va Kuins tumanlaridagi banklarga kirgan, u yerdagi seyflarni buzib, naqd pullar, qimmatbaho buyumlar, tilla taqinchoqlar va boshqa turli qiymatdagi buyumlarni olib chiqib ketishgan. O‘g‘irlangan buyumlarning umumiy qiymati 5 mln dollarni tashkil qiladi".

Jinoyatchilar bankning tom qismidan kirishgan. Ular birinchi bankdan 330 ming dollar naqd puli olib chiqishgan. O‘sha bankdan olgan qimmatbaho buyumlarning qiymati noma'lum. Ikkinchi bankdan esa 296 ming dollar naqd pul va 4,3 mln qiymatga ega qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlashgan. Jinoyatchilarni binoning tashqi tomoniga o‘rnatilgan kuzatuv kameralarini sinchkovlik bilan o‘rganish asosida qo‘lga olishgan.

Ularning har biriga 25 yildan qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Top