23:11 / 28.07.2016
7122

Bristol britan markasi 370 ot kuchiga ega mashina yaratdi

Foto:motor.ru

Bristol avtomobilsozlik kompaniyasi 12 yildagi ilk mashinasini Londonda taqdim qildi. Spidster modelidagi mashina Bullet («O‘q») deb nomlandi. Mashinaning namoyishi kompaniyaning 70 yilligiga bag‘ishlangan.

Yangi mashinaning ko‘rinishi iyun oxiridagi josuslik suratlarida oshkor qilingandi. Avtomobil konstruksiyasida alyuminiy va karbondan foydalanilgan, buning evaziga mashinaning og‘irligi 1130 kg ni tashkil qilgan. 

Sportkar 370 ot kuchiga ega 4,8 litrli, 8 silindrli atmosferali BMW dvigateli bilan harakatga keltiriladi. Uzatmalar qutisi BMW tomonidan ishlab chiqariladigan olti pog‘onali "mexanika". Orqa privodli sportkar 100 km/soat tezlikka 3,8 soniyada erishadi. Uning maksimal tezligi soatiga 250 km ni tashkil qiladi. 

"O‘q"ning salonida Bluetooth va WiFi’ni qo‘llab-quvvatlovchi sensor ekranli multimedia tizimi o‘rnatilgan. Mijozlarning tanloviga yog‘och va karbondan tayyorlangan bir nechta detallar taklif qilinadi.

Bristol Bullet’dan 70 dona ishlab chiqariladi. Bir dona mashinaning narxi 250 ming funt sterlingni tashkil qiladi. Mashina 2017 yildan boshlab ishlab chiqariladi. Mashinalar sotib bo‘lingach, kompaniya elektrokar ishlab chiqarishni boshlaydi.

 

Top