14:53 / 28.07.2016
24408

Dovudo‘g‘li Su-24 samolyoti o‘z buyrug‘i asosida urib tushirilganini tan oldi

Turkiyaning sobiq bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li ma'lum qildiki, o‘tgan yilning noyabrida Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirilishi o‘z buyrug‘i asosida amalga oshirilgan. Bu haqida Hurriyet xabar tarqatdi.

"Davlatimiz qonunlariga ko‘ra, bosh vazir bosh qo‘mondonlikka qurollangan kuchdan foydalanish qoidalari haqida yozma buyruq yo‘llaydi. Men 10 oktabrda shunday buyruq chiqarganman", degan u NTV efirida.

Dovudo‘g‘li "sakkiz oy o‘tgandan keyin bu masalani yana ko‘tarish to‘g‘ri emasligi"ni aytgan. U "bunday hodisa hozir yuz bersa ham, mas'uliyatni zimmasiga olgan bo‘lishini" qo‘shimcha qilgan.

Bundan oldinroq, Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Mehmet Shimshek Moskvada bergan matbuot anjumanida Su-24 ni urib tushirgan uchuvchi mustaqil ravishda qaror qabul qilganini aytib o‘tgan edi. Keyinroq bu uchuvchi 15 iyul oqshomidagi isyonga aloqadorligi haqida xabar chiqdi.

2015 yilning 24 noyabr kuni Turkiyaning F-16 qiruvchisi Rossiyaning Su-24 samolyotini urib tushirdi. Rasmiy Anqara Rossiya harbiy samolyoti Turkiya havo chegarasini buzganligini e'tirof etmoqda, Kreml esa buni rad etib, havo kemasi Suriya hududidan o‘tmaganini uqtirmoqda.

Samolyot uchuvchisi Oleg Peshkov katapulta yordamida kemani tark etdi, ammo havodaligida qurolli shaxslar tomonidan otib tashlandi. Unga o‘limidan so‘ng Rossiya Qahramoni unvoni berildi.

Bu voqea Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning keskin yomonlashuviga sabab bo‘ldi.

Shu yilning iyul oyi oxirida Turkiya prezidenti Su-24 uchuvchisining halokati uchun Putindan uzr so‘ragani haqida xabarlar berildi va tez orada ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar iliqlasha boshladi.

Top