21:54 / 28.07.2016
4540

Mars kompaniyasi egalaridan biri 84 yoshida vafot etdi

Mars qandolatchilik kompaniyasi egalaridan biri Forrest Edvard Mars 26 iyulda Sietlda 84 yoshida yurak xurujidan vafot etdi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda. 

Kichik Forrest Edvard Mars kompaniya asoschisi Frenk Marsning evarasi bo‘lgan. Marhum 30 yil davomida o‘zining singlisi va ukasi – Jaklin va Jon Marslar bilan komptaniyani boshqargan.

Kichik Mars 1931 yilda tug‘ilgan. U o‘zining mehnat faoliyatini 1955 yilda Price Waterhouse kompaniyasi auditori va hisobchisi sifatida boshlagan. Keyinroq u Mars’ga ishga o‘tib, moliya ma'muri lavozimida ishlagan. Bundan keyin esa Niderlandiyadagi fabrikani boshqargan.

1991 yilda Kichik Mars rahbarligida kompaniya mahsulotlari Rossiya, Polsha va Chexiyaga yetkazila boshlangan.

1999 yilda Mars pensiyaga chiqqan, biroq 2006 yilgacha kompaniya direktorlar kengashi a'zosi bo‘lib qolgan.

Bloomberg agentligi Kichik Marsning davlatini 31,5 mlrd dollarga baholagan. U Bloomberg Billionaires Index talqini bo‘yicha eng badavlat odamlar ro‘yxatida 21-o‘rinni egallagan. Mars oilasi Forbes jurnali talqini bo‘yicha AQShning eng boy oilalari orasida 3-o‘rinni egallamoqda. Jurnal Forrest, Jaklin va Jon Marsning boyligini 78 mlrd dollarga baholagan.

Kompaniyaga Milky Way, M&M's, Snickers, Dove, Orbit, Pedigree, Royal Canin, Whiskas savdo belgilari tegishli.

Top