17:27 / 28.07.2016
8341

Toshkentda 1 avgust kuni jamoat transporti soat 4:30da ish boshlaydi

Foto: kun.uz

1 avgust kuni, Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari topshiriladigan sanada O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida jamoat transporti (avtobuslar va metropoliten) o‘z ishini soat 4:30dan boshlaydi. Bu haqda Toshkent hokimiyati axborot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, bunday qaror abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun qulaylik yaratish maqsadida qabul qilindi.

Avvalroq 1 avgust kuni tonggi soat 6:00 dan boshlab test sinovlari tadbiri tugaguniga qadar Toshkent shahrining bir qancha ko‘chalari bo‘ylab barcha turdagi transport vositalari harakati cheklanishini ma'lum qilingandi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston OTMlariga yangi o‘quv yili uchun hujjat topshirgan abituriyentlar soni 663 mingdan oshib, rekord natija qayd etildi. Mamlakat oliy ta'lim muassasalarida yangi o‘quv yilida bakalavriat uchun 57 907 mandat belgilangan.

Top