17:01 / 29.07.2016
15247

“Mustaqillik – mening taqdirimda” mavzusidagi onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 29 iyul kuni “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan “Yoshlar ijod saroyi”da “Kamolot”da mehmonda” loyihasi doirasida “Mustaqillik – mening taqdirimda” mavzusida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov rahnamologida istiqlol yillarida yurtimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni hozirgi zamon talabalariga to‘liq javob beradigan, hech kimdan kam bo‘lmagan va har tomondama yetuk shaxslar qilib voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha miqyosi jihatidan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz taqdirini, xalqimizning ertangi kunini belgilab beradigan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularning iqtidori, iste'dodi va salohiyatini, imkoniyatini, kuch-g‘ayratini jamiyatimizning turli jabhalarida ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng islohotlar va harakatlarni alohida ta'kidlash joiz.

Amalga oshirilgan ishlar, yaratib berilgan imkoniyatlar samarasi o‘laroq yoshlarimiz bugungi ko‘plab sohalarda ulkan yutuqlarini qo‘lga kiritmoqda. Yoshlarimiz ko‘plab sohalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarni ularga yaratilayotgan imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e'tibor samarasi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ana shunday iste'dodli yoshlarimizning faoliyati ko‘pchilikka o‘rnak bo‘larli.

Tadbirda so‘z ustasi Valijon Shamsiyev, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohibi Bobur Zokirov, “Prezident” stipendiyasi va “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Nilufar Abbosxonova, Harakat faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Muloqot mehmonlari uchun Harakatning www.kamolot.uz portaliga 300dan ortiq savollar kelib tushdi. Qahramonlarning savollar yuzasidan fikr-mulohazalari Harakat portalining forum bo‘limiga real vaqtda onlayn tarzda kiritilib, turli ijtimoiy tarmoqlar orqali 2,5 mingdan ortiq yoshlar tomonidan kuzatib borildi.

Muloqot davomida yosh iqtidorlarni kashf etishga qaratilgan “Yulduzcha” televizion tanlovi ishtirokchilari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

 

Top