15:09 / 29.07.2016
13556

O‘zbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasi Taymazovning Rossiya Davlat dumasi uchun saylovlarda ishtirok etishiga xayrixohlik bildirdi

O‘zbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasi (SKA) Rossiyaning Shimoliy Osetiya-Alaniya respublikasi rahbari vazifasini bajaruvchi Vyacheslav Bitarovga maktub yo‘llab, RF Davlat dumasi uchun bo‘lajak saylovlarda Artur Taymazov nomzodini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan. 

Maktubda Taymazovning O‘zbekiston va Rossiyada jismoniy madaniyat va sport rivoji hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi sport sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgani ta'kidlangan. 

Xalqaro sport musobaqalarida O‘zbekiston bayrog‘ini himoya qilgan Artur Taymazov Olimpiada o‘yinlarida 4 karra shohsupaga ko‘tarilgan sportchidir. U 2000 yili Sidney Olimpiadasida ikkinchi o‘rinni olgan bo‘lsa, Afina-2004, Pekin-2008, London-2012 Olimpiya o‘yinlarida shohsupaning birinchi pog‘onasini egallagan. Unga bu borada teng keladigan sportchi topilmagan. 

Bundan tashqari, Taymazov – Osiyo o‘yinlarining uch karra g‘olibi hisoblanadi. U jahon chempionatlarida ikkita oltin, ikkita kumush va bitta bronza medallariga sazovor bo‘lgan.

Top