18:50 / 01.08.2016
15360

Teginish xavfli yoxud samolyotdagi eng iflos joylar

Samolyot olisni yaqin qiluvchi eng xavfsiz harakat vositasi hisoblanadi. Ba'zi insonlar esa unda uchishdan juda ham qo‘rqishadi. Angliyaning yosh olim-biologlardan iborat jamoasi samolyotning qaysi qismida inson salomatligiga jiddiy ta'sir ko‘rsatuvchi bakteriyalar yig‘iladigan eng iflos joylarni aniqlashga qaror qildi. 

 

Yig‘ma stol

Yo‘lovchi o‘rindig‘i qarshisida joylashgan buklama stolga ko‘p ham yaqinlashmagan ma'qul. Aynan shu yerda eng xavfli mikroblar yashiringan bo‘ladi. Mazkur tadqiqot mualliflaridan biri, shifokor Charlz Xaas plastik bo‘lagi bo‘lgan bu yig‘ma jihozga umuman teginmaslikni tavsiya qiladi. Ularning aniqlashicha, stolchada ichak tayoqchalari bakteriyalari, stafilokok va boshqa bir qancha zararkunanda mikroblar bo‘ladi. 

 

Ichimlik fontani

Albatta, samolyotdagi ichimlik suvi oqadigan krandan foydalanmaydigan insonlar talaygina. Bu esa to‘g‘ri qaror. Sababi, aynan shu yerda biz o‘zimizga turli yoqimsiz va zararli "mehmonlarni" orttirib olishimiz mumkin.  

 

Hojatxonadagi tugmalar

Har qanday ijtimoiy joy eng xavfli bakteriyalar makoni sanaladi.  Samolyot hojatxonasidan — u qancha tozalanmasin  — ichak infeksiyalarini yuqtirib olish mumkin. Ayniqsa uning ichidagi suv tushirish uchun qo‘yilgan kir tugmalarga iloji boricha teginmaslikka harakat qiling. 

 

Xavfsizlik kamari

Afsuski, samolyotning bu muhim qismi bilan aloqani uzib bo‘lmaydi.  Sizdan avval kimlarnidir qornini qisgan kamarni hech kim tozalab qo‘ymaydi. Eng yomoni: birgina parvoz davomida, o‘rtacha hisobda, inson unga 5 marta teginishi mumkin.

Top