20:08 / 03.08.2016
3862

AQSh tomoni Eronga o‘z fuqarolarini ozod etishi uchun pul to‘langani haqidagi xabarni inkor etdi

AQSh hukumati 4 nafar amerikalikning ozod etilishi uchun Eronga 400 mln dollar miqdoridagi mablag‘ ortilgan samolyot jo‘natilgani haqidagi xabarni tasdiqlamadi. Bu ma'lumot AQSh Davlat departamenti vakili Jon Kirbi tomonidan aytilgan.

Bundan oldinroq Wall Street Journal nashri Barak Obama ma'muriyati shu yilning yanvar oyida maxfiy ravishda turli mamlakatlar valyutalaridagi qariyb 400 million dollarga teng mablag‘ ortilgan samolyotni Tehronga jo‘natgani haqida yozgandi. Manbalarda bu pullar Erondan 4 nafar amerikalikning ozod etilishi uchun to‘langani aytilgandi.

"Yuborilgan pullar 1979 yili Eronga qurol-aslahalar yetkazib berish bo‘yicha bitimning buzilishi bilan AQShning rasmiy Tehronga to‘lashi lozim bo‘lgan 1,7 mlrd dollarlik tovon pulining bir qismidir", degan Kirbi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Eron o‘z qamoqxonalaridan to‘rt nafar amerikalik — jurnalist Jyeyson Rizoyon, imom Said Abedini, harbiy xizmatchi Amir Hikmatiy, shuningdek, Nusratulla Xusraviyni ozodlikka chiqarib, bir necha oy oldin Tehronda hibsga olingan amerikalik talabaning qo‘yib yuborilgani haqida ham xabar qilgan edi.

Bunga javoban Amerika hukumati yetti nafar eronlikni ozod qilgan, shulardan olti nafari ikki davlat fuqaroligiga ega. Shuningdek, rasmiy Vashington Eronning 14 fuqarosiga nisbatan Interpolga bergan arizasini ham qaytarib olganini ma'lum qilgan edi.

Top