08:37 / 03.08.2016
6367

KXDR yana bir marta ballistik raketa uchirdi

Foto: KCNA / Reuters

Shimoliy Koreya 2 avgust kuni yana bir bor ballistik raketa uchirdi. «Yonxap» agentligi xabar berishicha, bu raketa Yapon dengizi yo‘nalishida uchirilgan.

Janubiy Koreyaning Shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi vakili ma'lumotiga ko‘ra, raketani uchirish marosimi Xvanxe-Namdo provinsiyasi hududida mahalliy vaqt bilan soat 07:50da (Toshkent vaqti bilan soat 3:50) o‘tkazilgan.

19 iyul kuni KXDR uchta ballistik raketa uchirgandi. Parvozlar Xvanxe-Pukto amalga oshirilgan. O‘shanda Scud turidagi raketalar uchirilgan, ular Yapon dengizi tomonga 500—600 kilometrgacha uchib borgan.

Undan oldinroq, 9 iyul kuni KXDR Yapon dengizi akvatoriyasida Koreya yarim orolidan sharqda turgan suv osti kemasidan ballistik raketa uchirgan edi.

Koreya Respublikasi Milliy mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, bugungacha, 2011 yildan buyon, ya'ni Kim Chen In hukumat boshqaruviga kelgandan so‘ng KXDR 32ta ballistik raketa uchirdi. 

Janubiy koreyalik harbiylarning hisob-kitobiga ko‘ra, bu raketa uchirishlar uchun KXDR byudjyetidan taxminan 97 million dollar sarflangan.

Shimolliklarning raketa uchirishlari faqatgina qo‘shni davlatlarni tashvishga solmasdan, xalqaro miqyosda muhokamalarga sabab bo‘lib keladi. Qolaversa, yil boshida KXDR vodorod bombasi sinovini muvaffaqiyat bilan amalga oshirgani haqida ma'lum qilgandi.

Shimolliklarning harakatlariga javoban BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalarni kuchaytirgan.

Top