18:07 / 03.08.2016
10486

Toshkent viloyat Kengashining VII Konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi

Harakatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Konferentsiyalari 2,5 yilda kamida bir marta chaqiriladigan Harakatning mahalliy va hududiy bo‘limlari oliy organi hisoblanadi.

Konferentsiyada delegatlar Kengashning o‘tgan davrdagi faoliyati yuzasidan hisobotini tinglab, kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab oladi.
Shuningdek, Kengash a'zolari, nazorat-taftish komissiyasi tarkibini, Kengash raisi va uning o‘rinbosarlarini saylaydi.

“Kamolot” YIH Toshkent viloyat Kengashi tasarrufida 14 ta tuman, 4 ta shahar Kengashi mavjud bo‘lib, ularda 1269 ta boshlang‘ich tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Harakat a'zolari soni 352209 nafarni, “Kamalak” bolalar tashkiloti a'zolari 168214 nafarni tashkil etadi.

Joriy yilning 3-avgust kuni “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent viloyat Kengashining VII Konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat Konferentsiyasida Harakat tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda boshlang‘ich tashkilotlarning mas'uliyati va ta'sirini oshirish, “ommaviy madaniyat” va axborot xurujlariga qarshi kurashishda yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ta'lim sifatini ta'minlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yoshlarni, ayniqsa, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarini kasbga yo‘naltirish va ish bilan ta'minlash, tadbirkorlikka jalb qilish, yoshlar o‘rtasida erta turmush qurishni oldini olish, voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va huquqbuzarliklarining profilaktikasini samarali tashkil etishda ko‘maklashish kabi masalalarga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Yoshlarning ijtimoiy–siyosiy faolligini oshirish borasida “Hokim va yoshlar”, “Sud, huquq va yoshlar”, “Deputat va yoshlar”, “Siz qonunni bilasizmi?”, “Tafakkur sinovlari” ko‘rik-tanlovlari, “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi, “Istiqlol–bergan imkoniyatlar”, “Mustaqillik inshootlari yoshlar nigohida”, “Yoshlar siyosati: mazmun va mohiyat”, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” loyihalari, Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlar uchun tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etildi.

Yana bir yo‘nalishi ma'naviy-ma'rifiy sohada yoshlarni istiqlol g‘oyalariga sadoqat, ona yurtga muhabbat, mamlakatimiz milliy manfaatlarini himoya qilishda fidokorlik va mardlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostidagi yoshlar festivali, “Shunqorlar”, “Yosh chegarachilar” harbiy vatanparvarlik musobaqalari, “Nuroniylar” e'zozimizda, “Farzandlik burchim”, “Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin!” loyihalari, “Ajdodlar merosi – kelajak poydevori”, “Yilning eng faol ma'naviyat targ‘ibotchisi”, “Yilning eng faol yosh jurnalisti” ko‘rik-tanlovilari o‘tkazildi.

Yigit-qizlarni tadbirkorlik sohasiga jalb qilish, ularning bandligini ta'minlash uchun hamkor tashkilotlar bilan “Bo‘sh ish o‘rinlari burchagi”, “Yosh tadbirkor – taraqqiyot poydevori”, “Mening biznes g‘oyam”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Iqtisodchi o‘qituvchi – kamolotga eltuvchi” ko‘rik-tanlovlari hamda “Tadbirkorlik bilan kelajak sari” mavzusida o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.

Konferentsiyada yoshlarimizning barcha qatlamlari ishtirokini ta'minlashga, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida ilgari surilgan g‘oyalardan kelib chiqqan holda kelgusidagi faoliyat uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishga alohida e'tibor qaratildi.

Kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, unga ko‘ra “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent viloyat Kengashi raisi lavozimiga Karimov Doniyor, Kengash raisi o‘rinbosari etib Rajabboyev Muzaffar, Kengash raisi o‘rinbosari viloyat “Kamalak” Bolalar tashkiloti raisligiga Samanova Zebo saylandi.

Top