00:33 / 08.08.2016
9876

Diyorbek O‘rozboyev: Ota-onamni xursand qilgan ekanman, bu men uchun katta baxt

So‘nggi uch Olimpiadadan beri terma jamoamiz hisobiga birinchi medalni dzyudochilar taqdim etishmoqda. Pekin va London Olimpiadalarida Rishod Sobirov qahramonlik ko‘rsatgan bo‘lsa, Rioda 60 kilogramm vazn toifasida Diyorbek O‘rozboyev terma jamoamiz hisobiga birinchi medalni taqdim etdi. Biz ushbu sportchimiz bilan bog‘lanib, musobaqa taassurotlari va umuman shaxsiy hayoti haqida kichik suhbat tashkil qildik.

– Olimpiada shohsupasining taassurotlari qanday ekan? Xayolingizdan nimalar kechdi?
– Taasurotlar juda ajoyib kichik orzuyimga yetdim. Birinchi bor Olimpiadada ishtirok etishim va unda shohsupaga ko‘tarilishim kelgusi shunday turnirda, umuman butun faoliyatimda o‘zimda g‘alabaga bo‘lgan ishonchni ancha oshirdi. Shohsupada turganimda menga umid bildirgan barcha insonlarning ishonchini oqlaganimni, terma jamoamiz hisobiga Rioda ilk medalni taqdim etganimni o‘ylab juda ham xursand bo‘ldim.

– Olimpiadada medal oldingiz. Endigi maqsad qanday?
– Aytib o‘tganimdek bu mening uchun kichik orzu edi. Eng katta orzuyim, albatta, chempionlik. Biroz nafas rostlagandan keyin endi bor e'tiborni Tokio Olimpiadasiga qarataman.

– Eng ajoyib tabrik kimdan bo‘ldi?
– Albatta, ota-onamdan. Ularning xursandchilik ovozida meni tabriklashlari men uchun eng katta sovg‘a. Mening shunday muvaffaqiyatimni ko‘rish ularning orzusi edi. Ota-onamni xursand qilgan ekanman, bu men uchun katta baxt.

– Mahoratli dzyudochilikdan tashqari futbolni ham yaxshi o‘ynashigizga guvoh bo‘lganman. Siz qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?
– Ko‘pchilik o‘g‘il bolalar qatori men ham yoshligimda ko‘chada futbol o‘ynab katta bo‘lganman. Lekin dzyudoga bo‘lgan mehrim baribir unga sportga qaraganda kuchli. Futbol haqida gapiradigan bo‘lsam, ha, bu sport ko‘pchilik qatori menga ham yoqadi. Sevimli jamoam “Real Madrid”. Imkon qadar “Real”ning o‘yinlarini o‘tkazib yubormasdan kuzatib boraman.

– Hazil aralash jiddiy savol: Sizni qachon to‘ydagi “shohsupada” ko‘ramiz?
– Bu yil uylanish niyatida emasman. Keyingi Olimpiadagacha o‘z oldimga rejalar tuzib chiqaman endi. Menimcha, to‘y kelasi yilgi rejalar ro‘yxatiga kiritiladi.

Nurali YO‘LDOSheV, Sports.uz

Top