15:00 / 08.08.2016
6256

Mourino: «Real» Beylni sotib olganida mag‘rurlangani kabi biz ham Pogbaning transferiga shunday yondashishimiz kerak

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino «Yuventus» jamoasidan Pol Pogbaning sotib olinishi borasidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«U tibbiy ko‘rikdan o‘tsa, bizning futbolchi bo‘ladi. Men uni seshanba kuni kutaman.

Biz himoyachi, xavbek, hujumkor yarim himoyachi va hujumchi sotib oldik. Bu juda yaxshi ish bo‘ldi.

Rostini aytsam, Pogba uchun qancha to‘lanayotgani haqida aniq bilmayman. Agar transferlar borasida yangi rekord o‘rnatilsa, bundan xafa bo‘lishimiz emas, aksincha, xursand bo‘lishimiz kerak. «Real»dagilar Beylni sotib olishganida, bundan qayg‘uga tushishmagandi. Aksincha, ular bundan mag‘rurlanishgandi.

Albatta katta pul sarflangan. Lekin hozir futbol - aqldan ozgan sanoat. Hozir bu narx qimmat ko‘rinishi mumkin, 3 yildan keyin esa, arzimas raqamga aylanadi.

Men juda foydali o‘yinchi olayotganimizni bilaman. «Manchester Yunayted» – Pogba uchun uni kerakli darajaga olib chiqa oladigan klub.

Biz «MYu»ni yana yuqori cho‘qqilarga olib chiqishni istaymiz. Agar sen dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishni istasang, bu sen o‘tishing kerak bo‘lgan klubdir.

Bizda Pogba uchun kerak bo‘lgan barchasi bor. U bizni tanladi, chunki u bu shahar va klubni yaxshi biladi. U «Manchester Yunayted»ning bir qismiga aylanishni istaydi», – degan Mourino The Guardian nashriga.

Bundan oldingi xabarlarda mankunianliklar 23 yoshli bu futbolchi uchun futbol tarixidagi rekord darajada mablag‘ (110 million yevro naqd va 10 million yevro bonus ko‘rinishida) to‘lashi haqida aytilgandi.

«Yuventus»ga Pogba «MYu» bilan shartnomasini uzaytirishi evaziga yana 5 mln yevro berilishi mumkin.

«Manchester Yunayted» Pogbaning agenti bo‘lmish Mino Rayola bilan ham shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, futbolchining maoshi yiliga 20 million yevroni tashkil etadi.

Manba: Tribuna.uz

Top