08:58 / 08.08.2016
13706

Rio-2016. Ikkinchi kun bahslaridan keyin AQSh medallar hisobi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda

Rio-de-Janeyro olimpiadasida ikkinchi kun bahslari davom etmoqda. Ayni vaqtda AQSh medallar hisobi bo‘yicha yaqqol yetakchiga aylangan. Amerikaliklar ikkinchi kuni yana 2ta oltin, 1ta kumush va 4ta bronza medal olib, jami medallar sonini 12taga yetkazishdi.

Qayd etish kerakki, tajribali suzuvchi Maykl Felps terma jamoa bilan 4x100 masofali estafetada g‘olib bo‘lib, 19-marta Olimpiada chempioniga aylandi. Endilikda unda Olimpiadalarning 23ta medali bor va u bu borada yaqqol yetakchi.

Amerikalik suzuvchi qiz Keti Ledeki 400 m masofaga erkin uslubda suzish bo‘yicha 3:56:46 daqiqa ko‘rsatkichi bilan g‘olib bo‘ldi. Bu uning jahon rekordini o‘rnatishi bo‘ldi. Bundan oldingi rekordni (3:58,37) u 2014 yili Avstraliyadagi Pan Pacific Championships turnirida o‘rnatgandi.

Jadvalda AQShdan keyin Xitoy 8ta medal bilan (3-2-3) ikkinchi, Avstraliya 6ta medal bilan (3-0-3) uchinchi bo‘lib turibdi.

Xitoylik Tinmao Shi va Minsya Vu juftligi tramplindan sinxron sakrash bo‘yicha olimpiada chempioni bo‘lishdi. Yana bir xitoylik Lun Tsintsyuan og‘ir atletika bahslarida (-56 kg vazn) ishtirok etib, 307 kg (137 +170) natija bilan birinchi bo‘ldi va terma jamoasiga oltin olib keldi.

Italiyalik Garotstso rapira bo‘yicha chempion bo‘ldi. Italiyaliklar ayni vaqtda 2ta oltin, 3ta kumush va 2ta bronza medal olib, to‘rtinchi o‘rinda ketishmoqda.

Britaniyalik Adam Piti 100 m masofaga brass usulida suzishda 57,13 soniyalik ko‘rsatkichni qayd etib, o‘zi saralash vaqtida qayd etgan rekordni (57,55) yangiladi hamda Olimpiada chempioniga aylandi. Buyuk Britaniya 1ta oltin va 1ta kumush medal bilan jadvalning sakkizinchi o‘rnida joylashgan.

To‘qqizinchi o‘rindagi Shvetsiya vakili ikkinchi kun bahslarida 100 m masofaga batterflay uslubida suzish bo‘yicha tengsiz bo‘ldi. U finalda 55,48 soniyalik natija ko‘rsatdi.

Oltin medal olgan davlatlar qatoriga Kosovo ham kirgan (13). Dzyudochi Maylinda Kelmendi bu mamlakatning Olimpiadalardagi ilk oltin medaliga sazovor bo‘lgan.

Ayni vaqda medal olgan davlatlar soni 31taga yetdi. O‘zbekiston 2ta bronza medal bilan 28-o‘rinda joylashgan.

O‘zbekiston terma jamoasi vakili, dzyudochi Rishod Sobirov (-66 kg) bronza medali uchun kechgan bellashuvda slovakiyalik Adrian Gombokni mag‘lub etdi. 

Shu tariqa, Pekin-2008 va London-2012da bronza medallariga ega bo‘lgan Rishod Sobirov, bu safar ham medalsiz qolmadi. Bu uning olimpiya o‘yinlaridagi uchinchi bronza medali.

Top