23:12 / 08.08.2016
42716

O‘zbekiston avtosalonlarida uchinchi avlod Nexia sotila boshlandi

O‘zbekistonda Nexia II avtomobillarining ishlab chiqarilishi to‘xtatildi. O‘zbekiston avtosalonlarida uchinchi avlod Nexia sotila boshlandi.

1 avgustda GM Uzbekistan avtomobil zavodi konveyeridan eski avloddagi Nexia’ning oxirgi nusxasi ishlab chiqarildi. Bu sedan 1996 yildan boshlab 20 yil davomida ishlab chiqarildi. 

Nexia’ning ommabopligini quyidagi raqamlardan bilish mumkin: GM Uzbekistan ma'lumotlariga ko‘ra, 20 yil ichida bu modeldagi mashinalardan 1,1 mln dan ko‘proq ishlab chiqarilgan. Mashina nafaqat O‘zbekistonda, balki yaqin xorij davlatlarida ham ommabop bo‘lgan. Bu davlatlarda 526 mingtadan ko‘proq Nexia sotilgan. Bugunda bu mashinalar Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Ozarbayjon, Belarus, Armaniston, Moldova, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Gruziya va Afg‘oniston ko‘chalarida kezib yuribdi.

Foto: GM Uzbekistan.

Nexia ishonchli va hamyonbop, oqilona yonilg‘i sarfi, o‘z sinfi uchun yuqori ishonchlilik darajasi, shinam salon va yevropacha dizaynga ega avtomobil sifatida o‘zini namoyon qildi.

2008 yil iyunida ikkinchi avloddagi Nexia avtomobili ishlab chiqarila boshlangan. Modelning oldi va orqa bamperlari, faralari, asboblar va eshik panellari o‘zgartirildi, eshiklariga zarbalarga qarshi balkalar qo‘shildi. Mashina kuchliroq SOHC (86 ot kuchiga ega) va DOHC (109 ot kuchiga ega) dvigatellari bilan jihozlana boshlandi.

Nexia o‘ziga xos brendga aylangani uchun GM Uzbekistan’da uning nomini saqlab qolishga qaror qilindi. Buning uchun mashinaning an'anaviy kuchli tomonlari: ishonchliligi, hamyonbopligini o‘zida mujassamlantiradigan va shu bilan bir vaqtda xavfsizlikning barcha zamonaviy talablariga javob beruvchi munosib platforma topish kerak edi. Barcha bu ko‘rsatkichlarga T250 platformasi javob beradi.

Foto: GM Uzbekistan.

Yangi T250 modeli General Motors‘ning Shanxay bo‘linmasidagi konstruktorlik byurosida loyihalangan va Osiyo, Janubiy va Shimoliy Amerikada – hammasi bo‘lib 12 ta davlatda sotiladi. 

T250 platformasidagi uchinchi avlod Nexia zamonaviy va tejamkor dvigatel, 5 pog‘onali mexanik va 6 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi, passiv xavfsizlik tizimi (xavfsizlik yostiqchalari, ABS, bolalar o‘rindiqlarini mahkamlash tizimi) bilan jihozlanadi.

Foto: GM Uzbekistan.

Mashina PedPro – piyodalarni himoya qilish tizimi talablariga javob beradi. Eksportga chiqariladigan variantlari favqulodda javob berish, elektron barqarorlik va shinalardagi bosimni nazorat qilish tizimlari bilan jihozlanadi.

Yangi Nexia O‘zbekiston avtosalonlarida 8 avgustdan sotuvga chiqarildi.

GM Uzbekistan ushbu mashinalardan yil oxirigacha 14,8 ming dona sotishni mo‘ljallamoqda.

Foto: GM Uzbekistan.

Top