11:16 / 09.08.2016
10630

13 yillik qamoq jazosi evaziga berilgan 258 ming dollar

XXR hukumati, qotillikda asossiz ayblanib, 13 yil qamoqda o‘tirib chiqqan xitoylik ayolga 1,72 million yuan (258 ming AQSh dollari atrofida) tovon puli to‘ladi, deb xabar qilmoqda Sinxua agentligi.

Xabarlarga ko‘ra, 2002-yili Tsyan Jenfen (Qian Renfeng) ishlagan bolalar bog‘chasida taomdan zaharlanish bilan bir bola hayotdan ko‘z yumgan, ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan edi. U, o‘sha vaqtda bolalar ovqatini tayyorlash bilan shug‘ullangan. Hodisadan so‘ng, uni taomga zahar qo‘shgani hamda bolani qasddan o‘ldirganini tan olishga majburlashgan. 

2013-yili Yunnan viloyati prokuraturasi ushbu ish bo‘yicha qaytadan tergov ishlarini olib borgan. 2015-yil mayida prokuratura mazkur jinoyat ishida ayolga nisbatan dalillar yetarli emasligini aniqlagach, sudga ishni qaytadan ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan. 2015-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan mahkama jarayonida, sud Tsyan Jenfen aybini isbotlovchi dalillar yetarli emas, deb topgan va uni qamoqdan ozod etish bo‘yicha hukm chiqargan edi. 

Shundan so‘ng, jabrdiyda 1,45 million dollar tovon puli talab qilib, sudga murojaat qilgan. Biroq, sud unga 258 ming dollar to‘lash bo‘yicha qaror chiqargan.

Top