09:07 / 09.08.2016
8136

Bengazidagi hujumda halok bo‘lgan ikki amerikalikning ota-onasi Xillari Klintonni sudga berdi

Liviyaning Bengazi shahridagi AQSh elchixonasiga 2012 yildagi hujum vaqtida halok bo‘lgan to‘rt amerikalikdan ikkisi – elchixonaning diplomatik xizmati bo‘limi xodimi Shon Smit va sobiq harbiy Tayron Vudsning ota-onasi Xillari Klintonni sudga berdi, deb xabar bermoqda Fox News.

Halok bo‘lganlar yaqinlari da'vo arizalarida Klintonni o‘g‘illarining o‘limiga olib kelgan qonunga zid harakatlarda, tuhmat qilish va ma'naviy zarar yetkazishda ayblamoqdalar.

Bundan tashqari, hujjatda Klintonning o‘z elektron pochtasidan foydalanishi Smit va Vudsning o‘limiga olib kelgani taxmin qilingan. Da'vo arizasida shuningdek Klintonning xizmat yozishmalarida o‘z pochtasidan foydalangani jangarilarning "elchi Kristofer Stivensning qayerda ekanligini" bilishlariga yordam bergani mumkinligi ta'kidlab o‘tilgan.

Bengazi shahridagi AQSh elchixonasiga hujum 2012 yil 11 sentabrda sodir etilgan. Hujum oqibatida AQSh elchisi Kristofer Stivens va elchixonaning 3 xodimi – Shon Smit, Tayron Vuds va Glen Dogerti halok bo‘lgandi. 

14 aprelda AQSh prezidenti lavozimiga Demokratik partiyada o‘tgan debatlarda Klinton AQSh Davlat kotibi bo‘lganda AQShning Liviyadagi ishlarga 2011 yilda aralashuvidan keyin yuzaga kelgan tartibsizlik uchun javobgarlikni o‘z zimmasidan soqit qilgan. "Qarorni prezident qabul qilgan", deb aytgan Klinton va faqatgina razvedka uchun javob berganini qo‘shimcha qilgan. Uning aytishicha, Obama uning gaplariga har doim ham quloq solavermagan. 

15 mart kuni Klinton Bengazidagi hujum qurbonlarini yodga olmay, AQSh Liviyadagi kampaniya vaqtida birorta odam yo‘qotmaganini aytgan.

Top