16:22 / 10.08.2016
9574

Boks bo‘yicha Rossiya olimpiya terma jamoasida mojaro: Murabbiylar shtabi iste'fo bergan

Boks bo‘yicha Rossiya olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Lebzyakning ma'lum qilishicha, terma jamoa murabbiylari shtabi iste'foga chiqqan. Qayd etilishicha Lebzyak va boshqa murabbiylar Rossiya sport vazirligiga Rio-de-Janeyro olimpiadasi boshlanishiga 25 kun qolganidayoq ishdan bo‘shash haqida ariza yozgandi.

U rossiyalik bokchilar shunchaki ishtirokchi bo‘lib qolgani, ularga esa haqiqiy jangchilar kerakligini ta'kidlagan.

«Men endi ma'lum qilmoqchiman. Bu yerga kelishimizga 1 oycha vaqt borligida jamoa bilan birgalikda iste'foga chiqish bo‘yicha ariza yozgandik. Men hisoblaymanki, bokschilar bu yerga mamlakat sha'nini himoya qilish uchun kelishi kerak. Ular bu yerda Olimpiadaga chiqqanlari uchungina emas, vatan uchun jang qilishlari kerak. Masalan Yegorov Vasyani olaylik. Kecha Vasiliy Yegorovni jazolashdi, u kuchsiz edi, lekin u kurashdi. Xuddi u kabi jang qilish kerak», — degan Lebzyak «360» telekanaliga bergan intervyusida.

9 avgust kuni ham murabbiy o‘z shogirdlarini tanqid qilib chiqqandi.

«Rioga sayyohlar kabi kelishgan. Ularning ko‘zlarida g‘alaba istagini ko‘rmayapman. Ularning holati achinarli. Menga shunchaki ishtirokchilar emas, haqiqiy jangchilar darkor.

Bizga qanday munosabatdaliklarini bilasiz. G‘alaba qozonish uchun raqibdan 2-3 bosh ustunlik qilish kerak bo‘ladi. Hakamlar 1-2 ochkolik ustunlik ko‘rsatgan rossiyalik bokschiga osonlik bilan mag‘lubiyat yozishadi.

Menga jangchilar kerak. Mayli yutqaz, ammo ringga ko‘tarilganingda, muxlislar oldida uyalmaydigan harakatlarni bajarishing kerak», degandi u.

Lebzyak Braziliyadagi Olimpiadaga Artyom Chebotarev, Yevgeniy Tishchenko, Misha Aloyan, Vladimir Nikitin, Vitaliy Dunaytsev, Adlan Abdurashidov, Andrey Zamkovoy, Pyotr Xamukov va Vasiliy Yegorovni olib borgandi. Sanab o‘tilganlardan keyingi 4 nafari kurashdan chiqib bo‘ldi.

Lebzyak terma jamoani 2013 yildan buyon boshqarib keladi. U 2005-2008 yillarda ham jamoa murabbiyi sifatida ishlagan. Uning o‘zi sportchi sifatida 1992 yili Barselona o‘yinlarida, Atlantadagi 1996 yilgi Olimpiadada va Sidney-2000 Olimpiadasida ishtirok etgan. U Avstraliyada oltin medal olgandi.

Top