16:57 / 10.08.2016
14630

O‘zbekistonga ekstremistik materiallarni konfet qutisida olib kirishga uringan shaxs qo‘lga olindi

Namangan aeroporti bojxona xizmati xodimlari O‘zbekistonga xotira kartalaridagi ekstremistik mazmundagi materiallarni konfetlar qutisida yashirgan holda olib kirishga uringan shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi vakiliga asoslangan holda RIA Novosti xabar bergan.

"Novosibirskdan uchgan reys orqali kelgan yo‘lovchilar bojxona nazoratidan o‘tkazilayotgan vaqtda, bir yo‘lovchining qo‘l yukida 300dan ortiq xotira kartalari solingan shokoladli konfet qutilari aniqlangan", — deya aniqlik kiritgan manba.

Bojxonadagilar tomonidan berilgan izohga ko‘ra, aeroportda amalga oshirilgan tasodifiy taftish shuni ko‘rsatganki, elektron tashuvchilarda diniy ma'ruzalar, shuningdek, IShID tashkil etilishiga oid da'vat qiluvchi materiallar bor edi. Bu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov boshlangan.

Bunga qadar ham O‘zbekiston hududiga ekstremistik materiallarni olib kirishga urinishlar sodir etilgandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2015 yilda bojxonachilar va respublikadagi boshqa huquq-tartibot organlari xodimlari yuk olib o‘tishga doir 1,2 mingdan ortiq qoida buzilishlarini qayd etishgan. O‘tgan yilda 50 mingdan ortiq diniy ekstremistik materiallar noqonuniy ravishda olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, ekstremistlar informatsion texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalangan holda chegaradan noutbuklar, mobil telefonlar va boshqa elektron qurilmalar vositasida diniy adabiyotlar, foto va videomateriallarni olib o‘tishga urinishadi.

Top