17:15 / 11.08.2016
9490

Niderlandiyaliklar Dubayda antiqa uylarni barpo etish g‘oyasini ilgari surishdi

Hollandiyalik arxitektorlar Dubayda suzuvchi uylar flotiliyasini barpo etish tashabbusi bilan chiqishdi. Loyiha, shu yilning 6-8 sentabr kunlari Dubai World Trade Centre binosida bo‘lib o‘tajak Cityscape Global ko‘rgazmasida namoyish etiladi, deb xabar qilmoqda «Russkiye Emiraty» sayti.

Suzuvchi uylar konsepsiyasi Niderlandiyaning New Living on Water  kompaniyasi tomonidan kemasozlik, murakkab arxitektura loyihalarini loyihalash va ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi muqobil energiya bilan shug‘ullanuvchi sanoat konglomerati CIG firmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. 

«Bugungi kunda ko‘plab odamlar aholi zich hududlarda istiqomat qiladi. Biroq, yakka tartibda yashash va tabiat qo‘ynida yolg‘iz qolish istagi insonni hech qachon tark etmaydi», — deydi kompaniya egalaridan biri va boshqaruvchi direktori Menno de Roos.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Yaqin sharq mintaqasida suzuvchi uylarni sotishdan birinchi yilning o‘zida 50 mln daromad ko‘rish mumkin. Keyinchalik bu raqam ikki martaga ko‘payish ehtimoli ham mavjud. 

Cityscape Global — dunyoning ko‘chmas mulk sohasidagi eng yirik anjumani hisoblanadi. 2015-yili unda namoyish etilgan ekspozitsiyalar maydoni 41 ming kvadratni tashkil etgan, 47 ming kishi tashrif buyurgan.

Top