16:44 / 11.08.2016
6293

«Turk oqimi» gaz quvurini barpo etish shartlari e'lon qilindi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Haberturk telekanaliga ma'lum qilishicha, u Rossiya tomoni bilan «Turk oqimi» gaz quvuri xarajatlarini tengma-teng bo‘lishishga kelishib olgan.

«Biz Rossiya tomoniga «Turk oqimi» loyihasi bilan hech qanday muammo yo‘qligini ma'lum qildik. Birgina narsa shuki, biz hududimizdan o‘tuvchi gaz quvurini yotqizish xarajatlarini teng bo‘lishishni taklif etdik», — degan Erdo‘g‘an. 

«Shunday qilib, Turkiya «Turk oqimi» o‘z hududiga kirib kelgach, qurilish  xarajatining yarmini to‘laydi», - deb aniqlik kiritgan Erdo‘g‘an. 

Avvalroq, Rossiya Turkiya hukumati bilan «Turk oqimi» loyihasi va «Akkuyu» AESni barpo etish dasturini qayta boshlashga kelishib olgani ma'lum qilingan edi. 

Ayni chog‘da, Anqara va Moskvaning yarashishi, YeIning Ozarbayjon tabiiy gazini import qilish rejalarini xavf ostiga qo‘yadi, deb hisoblamoqda g‘arb OAV.

Top