14:53 / 12.08.2016
9569

Amerikalik rejissyorlar «Paxtakor» haqida hujjatli film ishlashmoqda

Amerikalik teleijodkorlar «Paxtakor» klubi va stadioniga tashrif buyurishdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi. 

Rejissyor Brayn Song va tasvirchi Dada Shikako «Paxtakor» stadioniga tashrif buyurib, «Paxtakor-79» jamoasi va afsonaviy futbolchi Mixail An haqida hujjatli film yaratish uchun zarur tasvirlarni to‘plashdi. Futbolchining o‘g‘li va bugungi kunda «Paxtakor» akademiyasining 2003 yilda tavallud topgan tarbiyalanuvchilaridan iborat jamoasini boshqarayotgan Dmitriy An, 1979 yil aviahalokatda vafot etgan murabbiy Idgay Tazetdinovning rafiqasi Alla Tazetdinova, «Paxtakor»  sharafini muvaffaqiyatli himoya qilgan ota-bola Birodar va Azamat Abduraimov ham suratga olish jarayonida ishtirok etib, intervyu berishdi.

Mehmonlar stadion bilan tanishib, klub tarixi haqida ma'lumotlarga ega bo‘lishdi. Intervyularning asosiy qismi 1979 yilgi halokatda vafot etgan jamoaga qaratildi. Ijodkorlarni akademiya faoliyati yoqimli ajablantirdi. Hujjatli film tayyor bo‘lgach, «Paxtakor» klubi rasmiy sayti uni muxlislar e'tiboriga havola qiladi.

Top