14:06 / 12.08.2016
25099

Sayyoramizning eng uzoq umr ko‘ruvchi jonzotlari

Sayyoramizning eng uzoq umr ko‘ruvchisi nomini olgan grendland kiti o‘z maqomini yo‘qotgan ko‘rinadi: olimlar 400 yilgacha yashaydigan yangi "yetakchi"ning nomini ma'lum qilishdi. Bu qaysi jonzot deysizmi? 

Bugungi kunda jonzotlar hayot davomiyligi bo‘yicha eng nufuzli ma'lumotlar bazasi bo‘lmish AnAge'ga ko‘ra, umurtqalilar orasida eng ko‘p umr ko‘ruvchi jonzot grenland kiti (Balaena mysticetus) hisoblanadi. Grenland kitining rasman ro‘yxatga olingan hayot davomiyligi - 211 yil. Uning ketidan ro‘yxatda aleut dengiz olabug‘asi (205 yil), galapagos toshbaqasi (177 yil), shimoliy dengiz olabug‘asi (157 yil) va ko‘l balig‘i (152 yil) nomlari qayd etilgan. 

Balaena mysticetus

Inson bu reytingda 11-o‘rinni (122,5 yil) egallaydi.

Olimlarning xalqaro jamoasi bunga doir tadqiqot olib bordi va quyidagi xulosaga keldi: eng uzoq umr ko‘ruvchi jonzot grenland kiti emas, grenland qutb akulasi (Somniosus microcephalus) bo‘lib chiqdi. 

Somniosus microcephalus

Shimoliy Atlantika suvlarida yashovchi grenland qutb akulasi soatiga 2,7 kilometr tezlikda harakatlanadi, ularning vazni 400 kilogrammgacha, uzunligi esa 4-5 metrgacha yetadi. 

Yaqinda Science jurnalida chop etilgan maqolada olimlar sensatsion ma'lumot berishdi: Ular grenland qutb akulasining 400 yilgacha yashashi mumkinligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.

Bu ularni sayyoradagi eng uzoq yashovchi umurtqalilar, deb hisoblash uchun asos bo‘ladi.

Tadqiqot olib borilgan eng kichik akula uzunligi 81 santimetrdan iborat bo‘lgan, eng yirigi esa - 502 santimetr. Izlanish davomida olimlar uzoq umr ko‘ruvchi urg‘ochi akulalarning reproduktiv yoshi 156 yosh ekanligini aniqlashdi. 

Top