16:39 / 16.08.2016
15154

“Yagona darcha” dan barcha mamnun

Tadbirkorlik harakatini rivojlantirish, uning huquqiy himoyasini kuchaytirish yurtimizda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki rivojlangan davlatlar tajribasidan ma'lumki, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik istiqbolisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. 

Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub'yektlari manfaatlarini himoya qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib,  mazkur soha vakillarining erkin faoliyat yuritishlariga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Shu bois respublikamizda mazkur soha vakillarining faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarining tashkil etilishi esa bu boradagi sa'y-harakatlarning uzviy davomidir. Zotan, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sohada uchraydigan sun'iy to‘siqlarni bartaraf qilib, tadbirkorlarning ish boshlashidan tortib faoliyati davomida zarur bo‘ladigan xizmatlarni bir joyda ko‘rsatish, ularga yanada qulaylik yaratishdan iborat. 

Bu borada davlatimiz rahbarining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga turtki bo‘lmoqda. 

Mazkur farmon va u asosida qabul qilingan boshqa huquqiy-me'yoriy hujjatlar asosida joriy yilning 1 yanvaridan e'tiboran mamlakatimizda tadbirkorlik sub'yektlariga “Yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari faoliyat boshladi. Kadrlar zaxirasi shakllantirilib, malakali mutaxassislar bilan to‘ldirildi. Hozir markazlarda iqtisodchi, huquqshunos, shuningdek, moliya, soliq va boshqa soha mutaxassislari faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda hududlardagi tuman va shahar hokimliklari huzuridagi “yagona darcha” markazlari faoliyati orqali keng turda xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan ham bu borada bir qator chora-tadbirlar belgilab olinib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ayni paytda tadbirkoru fermerlar tezkor bank xizmatlarini “yagona darcha” orqali amalga oshirmoqda.

Mazkur moliya muassasasi  kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yanada rivojlantirish, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida kichik biznes sub'yektlariga 658 milliard so‘mlik, shundan, 190,7 milliard so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan 2015 yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 132 foizga ko‘p bo‘ldi.

Shuningdek, bank tomonidan  2016 yilning birinchi yarim yilligida tadbirkor ayollarning loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga 70,4 milliard so‘m, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta'minlash va ularning tadbirkorligini rivojlantirishga  21,5 milliard so‘m, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni kengaytirishga 12,6 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratilganligining o‘zi ham bu borada amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar ko‘lami kengayayotganligidan dalolat beradi.

Shu o‘rinda ta'kidlash o‘rinliki, “yagona darcha” markazlarining tashkil etilishi tadbirkorlarga nafaqat qulaylik tug‘dirayapti, qolaversa, keng turdagi xizmatlardan samarali foydalanish imkoniyatini ham yaratmoqda. Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki,  joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida “yagona darcha” markazlari orqali 48 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yektiga davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

– Tuman hokimliklari huzurida tashkil etilgan “yagona darcha” markazlarining tashkil etilishi tadbirkorlarga ko‘mak bo‘lmoqda, – deydi Guliston tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor  Mansur Toshmatov. – Bu esa ishbilarmonlarning mushkullari bir zumda amalga oshishiga imkoniyat yaratmoqda. Men ham mazkur markaz faoliyatidan foydalanib kelmoqdaman. Tadbirkor bo‘lib, ish boshlaganigizdan so‘ng mas'uliyat yanada ortar ekan. Mijozlar didiga moslab zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bozorga raqobatbardosh mahsulotlarni yetkazish bularning barchasi katta tajriba, bilim, izlanish talab etadigan jarayondir. Ishni boshlaganimida ana shu jihatlarga e'tibor qaratib,  doimo bank bilan hamkorlikda ish olib borayotganimiz yutuqlarimizga zamin bo‘lmoqda. Bugungi kunda tadbirkorlarning faoliyatini moliya muassasalarisiz tasavvur qilish qiyin.  “Agrobank”ning kredit mablag‘lari  faoliyatimni rivojlantirishda asqotmoqda. Tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yishda ushbu bankning krediti qo‘l keldi. Mebel mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi biznes loyihani “Agrobank”ning Guliston filiali jamoasi ijobiy baholashdi. Loyihaga asosan mazkur bank filialidan 42 million so‘m kredit berildi. Ushbu mablag‘ sabab, ham ish boshladik, ham ikkita ish o‘rni yaratdik.

–    Mana shunday shukuxli damlarda ortga bir nazar tashlasak, yurtimiz tarixan qisqa davr tub islohotlar amalga oshirildi, – deydi “Shermatov Shermuhammad agro” dehqon xo‘jaligi rahbari Adham Abdurasulov. – Buni ishbilarmonu tadbirkorlarga qaratilayotgan e'tibordan ham bilsak bo‘ladi. O‘zimdan qiyos. Oddiy insonning o‘z maqsad va intilishlarini qo‘llab-quvvatlab, oilasiga, yurtiga nafi tegishiga zamin yaratilayotganligi o‘zi ham davlat darajasidagi ko‘makning yorqin ko‘rinishidir. Bu jarayonlarda tijorat banklari ham faol. Moliya muassasalari tomonidan ishbilarmonlarning istiqbolli biznes loyihalarining ro‘yobi uchun ajratilayotgan kredit mablag‘lari soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.  Tadbirkorligimizni boshlash maqsadida “Agrobank”ning Bekobod filialiga biznes loyihani taqdim etdik. Bank tomonidan parrandachilikni rivojlantirish borasidagi biznes loyihaga asosan 300 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Shuningdek, aholi bandligiga ham o‘z xissamizni qo‘shdik. Ya'ni 10 kishi ishli bo‘ldi. Bugungi kunda 8 ming dona tuxum aholi iste'moli uchun yetkazib bermoqdamiz. Mana shu yetishtirayotgan mahsulotlarimizni bozorlarda sotishga ham imkoniyat yaratib berilgan. Davlatimiz tomonidan biz tadbirkorlarga qaratilayotgan ulkan e'tibor sabab ham shunday yutuqlarga erishmoqdamiz. Ayniqsa, tumanlarda tashkil etilayotgan “yagona darcha” markazlari faoliyati bu borada muhim bosqich bo‘ldi. Mazkur markaz bilan yaqindan hamkorlikda ishlayotganimiz faoliyatimizda asqotmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, mamlakatmizda amalga oshirilayotgan ana shunday ijobiy o‘zgarishlarda “Agrobank” ATB jamoasining ham munosib hissasi bor. Shu sababli ham bank tomonidan aholiga zamonaviy xizmat turlarini taqdim etish, xususan, ishbilarmon, tadbirkoru fermerlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shu orqali xalqimiz turmush farovonligi oshirish hamda yurtimiz iqtisodiyotini yanada taraqqiy ettirishga qaratilganligi bilan ham muhim ahamiyatga egadir.

Xayrulla XOLTO‘RAYeV

Xizmatlar litsenziyalangan. Reklama huquqi asosida.

Top