14:52 / 16.08.2016
11060

Buxoroda «Munozara» o‘yinlariga start berildi

Joriy yilning 15-18 avgust kunlari Buxoro viloyatida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining hududiy Kengashlari qoshidagi «Munozara» to‘garaklari jamoalari o‘rtasida III respublika turniri o‘tkazilmoqda. Turnirda, Toshkent va Buxoro viloyatidan ikkitatadan jamoa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan bittadan jamoa ishtirok etmoqda.

«Munozara» to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan maqsad — mamlakatimizda mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash, ularda tizimli tahlil qilish, mantiqiy fikrlash va mohirona munozara olib borish qobiliyatlarini rivojlantirish, o‘quvchi-talabalarda vatanparvarlik va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularga o‘rtaga qo‘yilgan muammoga xolis yondasha olish, o‘z fikrlarini asoslash va aniq bayon qilish malakalarini shakllantirishda ko‘mak berish hamda to‘g‘ri yo‘naltirishdan iborat.

Bugungi kunda joylarda «Munozara» to‘garaklariga jalb qilingan 4000 nafardan ortiq o‘quvchi va talabalar o‘rtasida “Erta nikohning salbiy oqibatlari”, “Kitob — tafakkur xazinasi”, “Yoshlar va internet”, “Ommaviy madaniyat — miliy madaniyatning kushandasi”, “Ijtimoiy tarmoqlar foydadan ko‘ra ko‘proq zararli”, “Ommaviy madaniyatning jamiyatga ta'siri”, «Kompyuter o‘yinlarining yoshlar ma'naviy ongiga salbiy ta'siri» kabi bir qator mavzularda muntazam mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Ishtirokchilari tadbirning birinchi kunida Buxoro viloyati temir yo‘l vokzalidan tantanali kutib olindi hamda Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti I. Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan «Ko‘hna va boqiy Buxoro» madaniy markazi va Buxoro shahrining tarixiy maskanlariga sayohat uyushtirildi.

Kunning ikkinchi qismida turnirning ochilish marosimi va ishtirokchi jamoalar uchun tajribali murabbiy va respublika musobaqalari g‘oliblari tomonidan namunaviy «Munozara» o‘yini o‘tkazildi. Shuningdek, jamoalar o‘rtasida qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

16-17 avgust kunlari jamoalar «Kinofilmlardan ko‘ra spektakllar foydali», «Milliylik zamonaviylikdan afzal», «Inson kamolotida ijtimoiy muhit muhim» mavzularida saralash bahslarida ishtirok etadilar.

«Munozara»da ikkita: «Tasdiq» va «Inkor» jamoalari o‘z pozitsiyalari bo‘yicha mavzu yuzasidan aniq fakt va dalillarni, argumentlarni keltirgan holatda o‘z fikrlarining haqli ekanligini asoslab berishi kerak. Har bir jamoa uch nafar spikerdan iborat bo‘lib, bir spikerga olti daqiqa, ikki va uch spikerlarga besh daqiqadan vaqt beriladi. Hakamlar o‘yin yakunida Nizom asosida jamoalarni baholaydilar.

 

Top