01:02 / 16.08.2016
7109

OAV: Saudiya Arabistoni harbiy samolyotlari Yamandagi "Chegara bilmas shifokorlar" shifoxonasiga zarba berdi

Yaman shimolida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya harbiy-havo kuchlari samolyotlari tomonidan berilgan aviazarba oqibatida tinch aholining 7 nafar vakili halok bo‘ldi, yana 13 kishi yaralangan. 

Yamanning SABA axborot agentligi bu xabarni tasdiqladi. Hojja viloyati sog‘liqni saqlash departamenti rahbari Aymon Mazkurning ma'lum qilishicha, "tez tibbiy yordam mashinalari halok bo‘lganlarning jasadlarini olib chiqish va yaralanganlarga yordam ko‘rsatish uchun zarbaga uchragan shifoxona yoniga kela olmaganlar, chunki Saudiya Arabistoni samolyotlari past balandlikda hudud bo‘ylab uchishni davom ettirgan". Shifokorning aytishicha, zarba bevosita tibbiyot muassasiga berilgan. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, shifoxona "Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti tasarrufida bo‘lgan.     

Tashkilot o‘zining tvitterdagi sahifasida zarbalar berilganini tasdiqladi. 

"Yamanda shifoxonaga zarbalar berilgan, biz shifoxonaning tibbiy xodimlari va bemorlarga zarur yordamni ko‘rsatish uchun yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganmoqdamiz", deyilgan xabarda.  

Shifoxona hukumatga qarshi bosh ko‘targan isyonchilar nazorati ostidagi Hojja viloyatida joylashgan bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, "Chegara bilmas shifokorlar" xodimlari bu shifoxonada 2015 yildan ishlay boshlashgan.

Top