21:30 / 16.08.2016
8641

Tojikistonning bo‘lg‘usi diplomatlari maoshiga oydinlik kiritildi

Tojikiston TIV oylik maoshi 80 dollarni tashkil etuvchi qator mutaxassisliklar bo‘yicha tanlov e'lon qildi, deb xabar qilmoqda «Aziya plyus».

Nomzodlar uchta tilni: tojik, rus tillari va ingliz, nemis, xitoy, fransuz yoki arab tillaridan birini mukammal egallagan bo‘lishi shart. Bundan tashqari, ular oliy ma'lumotli hamda tahliliy hujjatlarni tuzish salohiyatiga ega bo‘lishi lozim. 

Osiyo va Afrika qit'asi, MDH mamlakatlari bo‘yicha,  kadrlar va maxsus axborot, tashqi iqtisodiy hamkorlik, davlat protokollari va shartnoma-huquq lavozimlarida bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi aytilmoqda. Shu bilan birga, chegara va hududiy masalalarni hal qilish bo‘yicha mutaxassislarga ham talab mavjud. 

Nashrning qayd etishicha, yuqorida ta'kidlanganlardan tashqari, nomzodlar qandaydir «qo‘shimcha professional malakalar»ga ega bo‘lishi, «mamlakatning hozirgi iqtisodiy holatini bilishi, xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarni yaxshi anglashi» hamda «davlatning strategik maqsadlaridan xabardor» bo‘lmog‘i lozim.

«Aziya plyus»ga ko‘ra, bugungi kunda Tojikistondagi eng kam ish haqi 400 somoniyni (50 dollar atrofida) tashkil etadi.

Top