17:09 / 16.08.2016
4965

Joao Avelanj 101 yoshida olamdan o‘tdi

Xalqaro futbol federatsiyalari uyushmasining (FIFA) sobiq prezidenti Joao Avelanj 101 yoshida, Rio-de-Janeyro shahrida vafot etdi. 

Avelanj 16 avgust kuni kirib kelgan pallalarda hayotni tark etgan. Iyul oyida u zotiljam (pnevmoniya) xastaligi tashxisi qo‘yilib, shifoxonaga yotqizilgandi. Avelanj  2015 yilning noyabrida va 2014 yilning iyunida ham shifoxonaga tushgan, ammo tezda unga javob berilgandi.

Rio-de-Janeyro shahrida tug‘ilgan Avelanj 1936 yilda suzish, 1952 yilda esa suv polosi bo‘yicha Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan.

Sportchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng u ma'muriy ishlarga o‘tib ketdi. Avelanj 1955–1963 yillarda Braziliya Milliy olimpiya qo‘mitasi a'zosi, 1963–2011 yillarda esa Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a'zosi bo‘lgan.

1974 yilda britaniyalik Stenli Rouz o‘rnini egallagan Joao Avelanj FIFAning yettinchi prezidenti bo‘ldi. U Yevropa vakili bo‘lmagan FIFAning birinchi rahbari sifatida qayd etildi.

U 1998 yilga qadar FIFA tashkilotini boshqargan, 90-yillar boshidagi korruptsion mojaroga aloqadorligi haqidagi xabarlardan keyin lavozimini tark etgandi. 2013 yilda Avelanj FIFA faxriy prezidentligidan ham ketgandi. 

Top