23:33 / 17.08.2016
18739

Islom Karimov Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va ichki ishlar vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17 avgust kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va ichki ishlar vaziri Xon Yun Sukni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlat rahbari mehmonni mamlakatga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston Koreya Respublikasi bilan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashini va bu munosabatlarni yanada mustahkamlashga alohida e'tibor qaratishini ta'kidladi. Islom Karimov ushbu tashrif o‘zaro manfaatli hamkorlikni, ayniqsa, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va «Elektron hukumat»ni joriy etish sohasidagi aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening 2014 yil iyun oyida Toshkentga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2015 yil may oyida Seulga davlat tashriflari mamlakatlar o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning har tomonlama, avvalo, iqtisodiy sohada izchil rivojlanishiga yangi sur'at bag‘ishladi. Ushbu tashriflar yakuniga ko‘ra yuzdan ortiq hujjat, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va moliyaviy sohalarda hamkorlikka oid umumiy qiymati 9,5 milliard AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan bitimlar imzolangan.

Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy investitsiyaviy va texnologik hamkorlaridan. O‘zbekistonning ko‘p yillik ishonchli sheriklari — Janubiy Koreyaning GM Korea, Korean Air, KOGAS, Lotte, GS, Posko Daewoo, Samsung, Shingdong, Kolon kabi yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda neft-gaz, elektrotexnika, to‘qimachilik sohalari, qurilish materiallari va farmatsevtika preparatlari ishlab chiqarish borasida yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilgan va bu hamkorlik izchil davom etmoqda.

Koreya Respublikasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshdi. Mamlakatda Janubiy Koreya investitsiyasi ishtirokida tashkil qilingan 440 korxona faoliyat yuritmoqda, 77 kompaniyasi vakolatxonalari ochilgan.

Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo Anning joriy yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ochilgani va bu zavod mamlakatlar o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikning amaldagi ifodasi bo‘lganini alohida ta'kidlash darkor.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik doirasida Janubiy Koreyaning texnik ko‘magida O‘zbekiston Respublikasida «Elektron hukumat» tizimini joriy etish, ushbu soha mutaxassislarini o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha loyiha hayotga tatbiq etildi. LG CNS kompaniyasi bilan 2014 yil iyun oyida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumga muvofiq tashkil etilgan «LG CNS O‘zbekiston» qo‘shma korxonasi «Elektron hukumat» tizimi hamda mamlakat iqtisodiyotining real sektori uchun axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish borasida faoliyat yuritmoqda.

Xon Yun Suk samimiy qabul uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekanini ta'kidladi.

Top