14:57 / 17.08.2016
7149

Mutko Berdiyev va «Spartak» muzokaralarini shouga aylantirmaslikka chaqirdi

RFI rahbari va RF Sport ishlari vaziri Vitaliy Mutko «Spartak» jamoasi hamda murabbiy Qurbon Berdiyev o‘rtasidagi muzokaralar haqidagi fikrini bildirib o‘tdi.

«Rostov» tezroq murabbiy nomini aniqlashtirib olishini istayman, men bugun Berdiyev «Spartak» bilan kelisha olmagani haqida o‘qidim. Men tomonlarni bu masalaga xotirjamlik bilan yondashishga chaqiraman. Klub va murabbiy kelisha olishmagan bo‘lishsada, buni shouga aylantirmaslik kerak.

O‘zingizni bosib olmasangiz, kelisha olmasangiz va tortishsangiz, ish siljimaydi. Har bir tomon o‘z imijiga ega. «Spartak» – katta klub va men muxlislarning noroziliklarini yaxshi tushunaman. To‘g‘ri, natijalar yo‘q, lekin barcha o‘zini bosib olishi kerak.

Men o‘zim ham Berdiyev bilan gaplashdim va vaziyatdan xabardorman. Agar «Spartak» Berdiyev bilan kelisha olmagan bo‘lsa, bu muzokaralarga nuqta qo‘yish kerak. Goh chapga, goh o‘ngga oyoq tashlamasdan», – deya Mutkoning so‘zlarini keltiradi TASS.

Bundan oldinroq «Spartak» prezidenti Leonid Fedun Berdiyevning shartlariga ko‘nmagani haqida ma'lum qilingandi.

Moskva jamoasi Yevropa Ligasiga yo‘l ololmagach, Dmitriy Alenichev 7 avgust kuni 1 yillik faoliyatidan keyin iste'foga chiqarilgandi. 8 avgust kuni Berdiyev moliyaviy muammolar tufayli «Rostov»dan ketgani va «Spartak»ka bosh murabbiy bo‘lishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Lekin oxirgi xabarlarga ko‘ra, u jamoa rahbariyati bilan kelishib olgan va jamoada qoladigan bo‘lgan. U rostovliklarning «Ayaks»ga qarshi YeChL saralashining oxirgi bosqichi doirasidan o‘rin olgan safar uchrashuviga borgan. Bu o‘yinda 1:1 hisobi qayd etildi va «Rostov» javob o‘yini oldidan yaxshi imkoniyat hosil qildi.

«Spartak» jamoasi bugun matbuot anjumani o‘tkazishi va Massimo Karrera bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishi kutilmoqda.

Manba: Tribuna.uz

Top