15:30 / 17.08.2016
38961

Prevyu, final: Shahram G‘iyosov Daniyar Yelussinovga qarshi

Bugun 69 kg vazn toifasida Olimpiadada ishtirok etayotgan O‘zbekiston vakili Shahram G‘iyosov turnir oltin medalini qo‘lga kiritish uchun final jangida maydonga chiqadi. Unda Muhammadqodir Abdullayev va Hasanboy Do‘stmatovdan keyin O‘zbekiston delegatsiyasiga Olimpiadada oltin medal taqdim etgan uchinchi sportchiga aylanib olish imkoniyati bor.

Ushbu final jangida 23 yoshli o‘zbekistonlik bokschiga qozog‘istonlik Daniyar Yelussinov raqiblik qiladi. Jang Toshkent vaqti bilan 18 avgust kuni kirib kelgan vaqt, soat 00:30 — 00:40 oralig‘ida bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Yelussinov 1991 yilning 13 martida tug‘ilgan. 
Erishgan yutuqlari:
Jahon chempionatida: 2013 yili oltin medal, 2015 yili kumush medal;
Osiyo o‘yinlarida: 2010 va 2014 yillarda oltin medal;
Osiyo chempionatida: 2013 va 2015 yillarda oltin medal;

Qayd etish kerakki, Yelussinov o‘tgan yili Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida finalgacha yetib borgan va finalda marokashlik Muhammad Rabbiga imkoniyatni boy berib qo‘ygan.

U Rio-2016 doirasida buyuk britaniyalik Kelli Joshni, keyin venesuelalik Gabriel Mayestreni, yarim finalda esa fransiyalik Sulaymon Sissokoni mag‘lub etdi.

G‘iyosov final yo‘lida avvaliga Olimpiada, keyin esa Jahon chempionini mag‘lub etdi. Nimchorak finalda ispaniyalik Ndiayye Sissoko to‘sig‘idan osonlik bilan o‘tgan Shahram chorak finalda olimpiya o‘yinlarining oltin medallarini qo‘lga kiritgan kubalik Ronel Iglesiasni har uchala raundda ham mag‘lub etib, eng kamida bronza medali masalasini hal qilib qo‘ygandi. Yarim finalda esa o‘tgan yili Yelussinovni yengib, jahon chempioni bo‘lgan marokashlik Muhammadi Rabbidan 3 raundda ham ustun keldi.

Top