16:01 / 18.08.2016
9741

Xorvatiya o‘z orollarini sotmoqda

Xorvatiya so‘nggi 14 yil mobaynida Adriatika dengizidagi 5ta orolini sotib yubordi, deb xabar qilmoqda Serbiyaning Tanjug agentligi.

"O‘n yillar muqaddam, Xorvatiyaning orol va mitti orolchalarini sotishi sharmandali voqea va fojia deb baholanar edi", - deb yozadi nashr. Garchi ushbu tabiiy boyliklarni tez orada xorijlik milliarderlar xarid qilib olishi borasida xavotirlar bo‘lganiga qaramay, "natijalar unchalik ham hayratlanarli va jiddiy emas – 14 yil ichida atigi 5ta orol sotilgan", - deb qo‘shimcha qiladi agentlik. 

Ularning orasida birinchilardan bo‘lib, 2002-yili Smokvitsa oroli 9 mln kun (Xorvatiya milliy valyutasi nomi) yoki 1,1 mln yevroga sotilgan edi. 

"2000-yili Frashker va Frashkerich orollarini rossiyalik magnat Vladimir Yevtushenkov firmasi sotib olgandi. 2005-yilda Yaklyan orolchasi 6 mln yevro evaziga Goran Shtrokka sotilgandi. Mehmonxonalardan birini xususiylashtirish chog‘ida, sarmoyadorlardan biri Hayot oroliga egalik huquqini ham xarid qilgandi", - deb yodga oladi Serbiya agentligi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Adriatika dengizining Xorvatiyaga tegishli hududida 1244 orol va mitti orolchalar bo‘lib, ularning atigi 65tasi o‘zlashtirilgan va ularda odamlar yashaydi. Shu bilan birga, orollarning 85 foizi davlatga qarashli va ularni sotish rejalashtirilmagan. 

Bundan tashqari, orolni sotmoqchi bo‘lgan xususiy shaxs, 2006-yili qabul qilingan oldi-sotdi qonuniga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, dastlab uni mahalliy hokimiyat, viloyat va yoki davlat hokimiyatiga tavsiya qilishi lozim. Agar, davlat tomonidan ikki oy muddat ichida qiziqish bildirilmasa, shundan so‘nggina xususiy mulk sifatida sotilishi mumkin bo‘ladi. 

Mavzuga oid
Top