17:47 / 18.08.2016
13269

Rio-2016. Minglab volontyorlar ishlashdan charchashdi va ketib qolishdi

15 mingga yaqin volontyor Rio-de-Janeyrodagi Olimpiadaning tashkiliy ishlarida ishtirok etishdan bosh tortishdi. Bu haqda The Independent xabar tarqatdi.

"Ko‘plab volontyorlar 2 hafta davomida 8-9 soatlab ishlashdi va faqat yengil tamaddi qilish bilan kifoyalanishdi. Menimcha tashkiliy qo‘mita volontyorlar ta'minoti uchun yetarlicha e'tibor qaratmadi. Ular bizdan o‘z cho‘ntaklarini to‘ldirish uchun foydalanishdi", degan sobiq volontyor Luis Moreyra.

Ayni vaqtda Olimpiada o‘yinlarida turli davlatlardan kelgan 50 ming volontyor o‘rnida (80 foizi braziliyalik, qolgani xorijliklar) 35 ming nafari qolgan. XOQ bu o‘zgarish turnirning qolgan kunlaridagi musobaqalar o‘tishiga ta'sir ko‘rsatmasligini bildirmoqda.

Bundan oldinroq XOQ braziliyalik volontyorlar vazifalarini bajarishdan bo‘yin tovlamasliklariga harakat qilayotgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etish kerakki, volontyorlarga olimpiada davomida ko‘rsatgan yordamlari uchun ish haqi to‘lanmaydi. Ularning vazifasi delegatsiyalar vakillarini qo‘riqlash, sportchilarga va muxlislarga maishiy masalalarda yordam ko‘rsatish hisoblanadi.

Olimpiada o‘yinlari 21 avgustgacha davom etadi.

Top