19:25 / 19.08.2016
17591

“Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur, qudratli elning farzandlari sog‘lom bo‘lur”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 9 fevraldagi PQ-2487-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining 22-bandiga muvofiq, bolalarni respublika klinikalarida va tibbiyot markazlarida hamda chet elda sog‘lomlashtirish, shu jumladan: nogiron bolalarni Germaniya klinikalarida tezkor davolash; kam ta'minlangan oilalardagi yuqori lab hamda qattiq tanglayning tug‘ma nuqsonlari, oyoqlarning tug‘ma nuqsonlari (maymoqlik) va bo‘yin qiyshayishi bilan bog‘liq tug‘ma ortopedik kasalliklarga chalingan bolalarni tezkor davolash, kuyishning asoratlari bo‘lgan bolalarni plastik operatsiyalar qilish borasidagi ishlarda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining alohida o‘rni bor. 

Fond onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, kam ta'minlangan oilalardagi bemor bolalarni ijtimoiy va tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida muhim ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shu maqsadda Fond tomonidan bemor bolalarni chet elning nufuzli klinikalarida davolash uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan.

“Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur, qudratli elning farzandlari sog‘lom bo‘lur” – Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oya fond uchun dastur-ul amal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shunday loyihalaridan biri xalqaro hamkorlik doirasida yurtimizdagi bemor bolalarni chet el nufuzli klinikalarida sog‘lomlashtirishdir.

2002 yilda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti birgalikda uch tomonlama hamkorlik bitimi imzolangan edi. Hamkorlik doirasida 12 yoshgacha bo‘lgan bemor va nogiron bolalarni davolash va reabilitatsiya qilish bilan shug‘ullanadilar. 2002-2016 yillar davomida
322 nafar o‘zbekistonlik bemor bolalar terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanishdi.

Ushbu xalqaro tashkilotning grant mablag‘i hisobiga 2016 yil shu davriga qadar respublika bo‘yicha jami 94 nafar tug‘ma lab-tanglay nuqsoni bo‘lgan nogiron bolalarda jarrohlik operatsiyalari o‘tkazildi va ular sog‘lomlashtirildi.

Shu bilan bir qatorda 2016 yil shu davriga qadar “Chiroyli oyoqchalar” loyihasi doirasida tug‘ma oyoq nuqsoni (maymoqlik) va “Qiyshiq bo‘yin” tashxisi bilan 15 yoshgacha bo‘lgan 128 nafar bemor bolalarda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, sog‘lomlashtirildi.
 
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ana shunday xayrli ishlarni tashkil etishida yaqindan yordam berayotgan barcha homiy tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi va kelajakdagi hamkorlikka chorlaydi.

 

Top