16:30 / 24.08.2016
11753

Andijonda paralimpiyachilarni kuzatish marosimi o‘tkazildi

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlaridan yorug‘ yuz bilan qaytishdi. Endi navbat – XV Paralimpiya o‘yinlariga.

Musobaqalar dasturidagi yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qiluvchi jamoa so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulotlarini Andijondagi sport majmualarida o‘tkazdi.

23 avgust kuni Andijon Olimpiya zaxiralari kolleji manejida  jamoaning «Rio-2016»ga  jo‘nab ketishi oldidan kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Anjuman ishtirokchilarini viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qizg‘in muborakbod etib, respublika olimpiadachilarining Braziliyada qo‘lga kiritgan ajoyib yutug‘i haqida faxr bilan so‘zladi va  paralimpiyachilarning ham katta g‘alabalarga erishishiga ishonch bildirdi.

Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiluvchi yengil atletikachilar va ularning murabbiylariga  qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Koreyada o‘tkazilgan ParaOsiyo o‘yinlari g‘olibi va rekordchisi, xalqaro toifadagi sport ustasi, andijonlik Mavlon Haydarov, farg‘onalik Dilafruz Ahmadjonova Rio-de-Janeyrodan medallar bilan qaytishga so‘z berishdi. Yengil atletika bo‘yicha respublika nogiron sportchilar terma jamoasi bosh murabbiyi Sardor  Abdurahmonov so‘ngi mashqlar Andijonda muvaffaqiyatli o‘tgani uchun  minnatdorlik bildirdi.

"Andijonda o‘tkazilgan yig‘in chog‘ida viloyat hokimligining doimiy e'tiborini yaqindan his etib turdik.  Andijonlik olimpiadachilarning «Rio-2016»dagi olamshumul yutuqlari ko‘p jihatdan  ana shunday e'tiborning mevasi ekanini aytib o‘tish joiz", – degan u.

Elmurod Ermatov, Andijon

Top