12:43 / 24.08.2016
16942

Tolimarjon IESning ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirildi

Qashqadaryoda Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasining quvvati 450 MVt bo‘lgan ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirildi.

Davlat rahbarining 2010 yil 14 iyuldagi «Tolimarjon IESni har birining quvvati 450 MVt bo‘lgan 2 ta bug‘-gaz qurilmasi qurish bilan kengaytirish investitsion loyihani amalga oshirishdagi birlamchi chora tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2013 yil 7 martdagi qarorlari asosida 2016 yil avgust oyida birinchi, dekabr oyida ikkinchi energobloklarni ishga tushirish belgilangan. Bosh pudratchi Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering and Construction kompaniyasi tomonidan shu kunga qadar 313,92 million dollarlik texnologik jihozlar yetkazib berildi. 1-BGQning montaj-sozlash va moslashtirish ishlari nihoyasiga yetdi va elektr energiyasini tizimga uzatishni boshladi.

Qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda, «PGU-To‘palang» shu'ba korxonasining malakali mutaxassislari bilan birga, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya kabi rivojlangan davlatlardan 500 ga yaqin ishchi-mutaxassis ishtirok etmoqda.

Tolimarjon IESda ikki energoblokning ishga tushirilishi natijasida yiliga qo‘shimcha 7,2 milliard kilovat/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

2004 yil dekabrida “O‘zbekenergo” Tolimarjon IESda loyiha quvvati 800 MVtli birinchi energoblokni ishga tushirgandi. Yangi BGQlar ishga tushirilishi natijasida IESda elektr energiyasi ishlab chiqarish 2,3 baravar oshib, yiliga 10,4 milliard kVt soatga yetadi. Hozirda 2022 yilgacha shunday quvvatga ega yana ikkita BGQni qurish loyihasi tayyorlanmoqda, bu esa IESda elektr quvvati ishlab chiqarishni yiliga 20,4 milliard kVt soatga yetkazadi.

Top