17:16 / 25.08.2016
10183

Andijonda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi xodimlarining an'anaviy avgust kengashi bo‘lib o‘tdi

Bugun Bobur nomli viloyat teatri binosida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi xodimlari an'anaviy avgust kengashiga yig‘ilishdi. Tadbirga sohada faoliyat yuritayotgan xodimlar, jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari taklif qilindi. Kengashda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Muhammadjon Nishonov hamda viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusovalar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida so‘z olgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Muhammadjon Nishonov ta'lim xodimlarini Mustaqilligimizning yaqinlashib kelayotgan 25 yillik bayrami bilan tabriklab, kelajak avlodni zamon ruhida tarbiyalashda fidoyi pedagoglarning o‘rni beqiyos ekanligiga to‘xtaldi.

Viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Mamirov o‘z ma'ruzasida o‘tgan o‘quv yili natijalarini sarhisob qilib, yangi o‘quv yilida ta'lim muassasalarini kasbiy tayyorgarlikka ega, zamonaviy fikrlovchi kadrlar bilan ta'minlash, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni ta'lim jarayoniga keng tadbiq etish hamda o‘quvchilarga ta'lim-tarbiya berish samaradorligini yanada oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratilishini ta'kidladi. Kengash davomida so‘zga chiqqan ma'ruzachilar pedagog kadrlar salohiyatini oshirish, ta'lim jarayoniga axborot texnologiyalarni keng joriy etish - uni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tizimda samarali mehnat qilayotgan bir qator xodimlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbir so‘ngida Andijon san'at kolleji o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan katta konsert dasturi namoyish etildi.

Elmurod ERMATOV, Andijon.
Suratlar muallifi: Xursandbek Arabboyev

Top