18:54 / 25.08.2016
21483

Forbes Rossiyaning eng boy sulolalari ro‘yxatini e'lon qildi

Forbes jurnali Rossiyaning 2016-yildagi eng muvaffaqiyatli tadbirkor sulolalari ro‘yxatini chop etdi. 

Ro‘yxatning birinchi raqamiga BIN guruhi egalari bo‘lgan Gutseriyevlar sulolasi loyiq ko‘rilgan. Ularning boyligi bir yil ichida 2,5 martaga ko‘payib, 9,8 mlrd dollarga yetgan. Forbes nashrining yozishicha, ularga tegishli guruh bir yilda 1,5 mlrd dollarlik bitimlarni amalga oshirgan. 

Ikkinchi o‘ringa Rotenberglar sulolasi joylashtirilgan. Jurnal ma'lumotlariga ko‘ra, 2007-yili aka-uka Arkadiy va Boris tashkil qilgan "Stroygazmontaj" kompaniyasi Rossiya neftgaz bozorining yirik pudratchisiga aylanib ulgurgan. Ularning kompaniyasi davlat va davlat kompaniyalaridan 556 mlrd rubllik buyurtma qabul qilishgan. Ularning boyligi 2,8 mlrd dollarga baholangan.

Badavlat uchlikni aka-uka Aleksey va Dmitriy Ananevlar sulolasi yakunlagan. Ular - Promsvyazbank va "Vozrojdeniye" banki egalari hisoblanishadi. Bundan tashqari, "Texnoserv" tizim integratori, "Gruppa PSN" developeri hamda Moskvadagi ikkita yirik tipografiya aka-ukalarga tegishli. Forbes jurnali ularning ham boyligi 2,8 mlrd dollar ekanini yozgan.

"Rossiya" bankining egalaridan biri Nikolay Shamalov oilasi 2,4 mlrd dollarlik boylik bilan to‘rtinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan. Uning o‘g‘li Kirill SIBURning 21,3 foizlik aksiyasiga egalik qiladi. Uning boyligi so‘nggi yarim yilda 1,1 mlrd dollarga ko‘paygan.

Badavlat sulolalar beshligini Tatariston sobiq prezidenti Mintimer Shaymiyev o‘g‘illari yakunlamoqda. Radik va Ayrat Tatariston neft kimyo sohasida ulushlarga ega: ularning har biri TAIF guruhining ("TAIF-NK", "Nijnekamskneftexim", "Kazanorgsintez", TGK-16) 19,5 foizdan aksiyalari sohibi hisoblanishadi. 

Umuman, o‘tgan yil bilan taqqoslaganda, ro‘yxatning birinchi o‘nligidan joy olgan sulolalarning boyligi qariyb 40 foizga oshib, 18 mlrd dollardan 25 mlrd dollarga yetgan.


 

Mavzuga oid
Top