19:39 / 25.08.2016
11634

Senatorlar tomonidan “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri ma'qullandi

2016 yil 25 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunini Oliy Majlisning quyi palatasiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini (yangi tahriri) ko‘rib chiqishdan boshladilar. 

Qonunga yangi tushunchalar kiritildi, ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish, mehnatning muhofaza qilinishini boshqarish tizimi auditi, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalligiga chalinishni tekshirish hamda hisobga olish masalalari aniq tartibga solinmoqda.

Ushbu sohada jamoat nazoratini amalga oshirishda keng jamoatchilik va kasaba uyushmalari ishtirokining aniq mexanizmlari belgilanmoqda, ularning mehnatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan huquqlari mustahkamlab qo‘yilmoqda. 

Senatorlar mazkur qonun bozor iqtisodiyotining hozirgi zamon talablariga va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlarga muvofiq kelishini hamda iqtisodiyotning turli sohalari xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga, shuningdek, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini rivojlantirishga ko‘maklashishini bildirdilar. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Top