14:14 / 25.08.2016
22886

Toshkent-Buxoro yo‘nalishida ilk tezyurar poyezd qatnovi amalga oshirildi

Bugun Toshkent-Buxoro yo‘nalishida "Afrosiyob" yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy elektr poyezdining ilk qatnovi amalga oshirildi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ matbuot xizmati ma'lum qilgan.

Endilikda O‘zbekiston poytaxtidan Buxoro shahrigacha bo‘lgan 600 kilometrlik masofa avvalgi 7-8 soat o‘rniga 3 soatu 20 daqiqada amalga oshiriladi.

O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori asosida "Samarqand-Buxoro" yo‘nalishidagi mavjud liniya yo‘llarini rekonstruksiya qilish, yangi po‘lat izlarni yotqizish hamda elektrlashtirish ishlari jadal sur'atlarda boshlab yuborilgan edi. 25 avgust kuni ushbu loyiha to‘liq nihoyasiga yetkazilib foydalanishga topshirildi hamda "Toshkent-Buxoro" yo‘nalishida "Afrosiyob" yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poyezdining ilk qatnovi amalga oshirildi.

Samarqand-Buxoro yo‘nalishidagi temir yo‘lning uzunligi 259 kilometrdan iborat. Umumiy qiymati qariyb 400 million AQSh dollarini tashkil etuvchi ushbu loyihani amalga oshirish uchun 16 oy vaqt sarflandi. Loyiha doirasida 16,2 million kubmetr tuproq ishlari, shuningdek, 146 kilometrlik "Maroqand-Navoiy" uchastkasida yer ko‘tarma ishlari bajarilib, yangi temir yo‘l to‘liq yotqizilgan.

Navoiydan-Buxorogacha bo‘lgan masofada esa mavjud po‘lat izlar to‘liq rekonstruksiya qilindi. Bundan tashqari, ushbu yo‘nalishda jami 222ta sun'iy inshoot, shu jumladan, 1ta piyodalar o‘tish yo‘lagi, 4ta yo‘l o‘tkazgich va 4ta ko‘prik qurib bitkazildi. Shuningdek, ushbu hududda poyezdlarni bir maromda elektr quvvati bilan ta'minlab beruvchi 4ta elektr tortish stansiyalari binolari ham tiklandi va ular eng zamonaviy texnik jihozlar bilan ta'minlandi. Bu jarayonda 1000dan ortiq ishchilar, temir yo‘lchilar va mutaxassislar mehnat qilishdi.

Magistralning ikki tomonida deyarli 500 kilometrdan ziyod masofaga metall to‘siqlar o‘rnatildi. Mazkur qurilishga 220ga yaqin zamonaviy texnika jalb etildi.

Kattaqo‘rg‘on shahrida bir yo‘la 100 nafar yo‘lovchiga bugungi kun talablari darajasida xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan yangi, zamonaviy vokzal binosi qad rostladi. Loyiha doirasida Buxoro vokzali tubdan rekonstruksiya qilindi. Eski, ko‘rimsiz vokzal o‘rnida bugun zamonaviy, xalqaro standartlarga mos, bir vaqtning o‘zida 300 nafardan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan muhtasham vokzal binosi qadim va ko‘hna shaharga yanada ko‘rk bag‘ishlamoqda. Keng va yorug‘ kutish zali, chiptaxonalar, ona-bola va tibbiyot xonasi, shuningdek, xorijlik sayyohlarni kutib olish, kuzatishni tashkil etishga xizmat kiluvchi barcha shart-sharoitlarga ega ko‘rkam maskan barpo etildi. 

Mutaxassislarning izohlashicha, mazkur loyihaning foydalanishga topshirilishi natijasida temir yo‘l uchastkasining o‘tkazish imkoniyati 36 foizga oshadi, ekspluatatsiya xarajatlari esa 36 foizga kamayadi. 

Ushbu yo‘nalishda yana 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Endilikda ushbu hududda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng, O‘zbekistonda bunday poyezdlar harakatlanadigan temir yo‘llar uzunligi 700 kilometrdan ortdi.

Top