18:45 / 26.08.2016
7187

National Interest: AQSh byudjyetida 1 trln dollar taqchillik yuzaga kelishi mumkin

AQSh Kongressi byudjyet boshqarmasi o‘zining yangilangan prognozlarini e'lon qildi. Unga ko‘ra, xarajatlar, davlat qarzi va Amerika davlat byudjyeti kamomadi yildan-yilga o‘sib boradi, deb yozmoqda The National Interest.

AQSh davlat byudjyetining 2016-yildagi kamomadi yanada tezroq o‘sadi. Byudjyet boshqarmasi o‘z taxminini 50 milliard dollarga o‘zgartirib, bu yilgi taqchilligini mart oyidagi 540 milliarddan 590 mlrd dollarga o‘zgartirgan. Shunga qaramay, prezident Barak Obama byudjyet kamomadi muammosiga barham berilganini aytmoqda, deyiladi maqolada. 

2015-yil bilan taqqoslaganda davlat byudjyeti kamomadi naq 150 milliard dollarga (yoki 35 foiz) oshgan. Bu 2009-yildan beri kuzatilgan eng yuqori salbiy ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Kongress byudjyet boshqarmasi hisoblariga muvofiq, 2024-yilga kelib, bu raqam 1 trillion dollarni tashkil etadi. 

Byudjyet kamomadining o‘sishi Federal qarzdorlik ko‘rsatkichiga ham ta'sir ko‘rsatadi. AQSh davlat qarzi kelasi 10 yil ichida 28 trln dollarga yetishi mumkin. Bu, Obama o‘z lavozimini egallagan 2009-yildagidan deyarli 3 marta ko‘p demakdir. Bugungi kunda mamlakat umumiy qarzi 19 trillion dollardan iborat.


 

Top