14:19 / 26.08.2016
19893

Ramzon Qodirov Putinni dzyudo bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etishga taklif qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning respublikaga tashrif buyurish va dzyudo bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi.

Putin va Qodirovning ishchi uchrashuvi 25 avgustda Kremlda o‘tdi. Uchrashuv davomida Putin Chechenistonda sportning rivojlanayotganini qayd qilib o‘tdi. Hozirda Chechenistonda Xabarovskda o‘tadigan dzyudo bo‘yicha Rossiya chempionatiga tayyogarchilik ketmoqda.

"Biz dzyudo va sport turlarini rivojlantirmoqdamiz. Bu bizda ustuvor vazifadir. Umid qilamanki, respublikamizga kelib, mashg‘ulotlarimizda ishtirok etasiz", deb aytdi Qodirov Putinga.  

"Bajonidil boraman. Taklif uchun katta rahmat", deb javob bergan Putin Qodirovning taklifiga.

Joriy yilning 8 yanvarida Putin Sochida dzyudo bo‘yicha Rossiya terma jamoasi bilan mashg‘ulot o‘tkazgandi. Putin terma jamoa bosh murabbiyi Etsio Gamba bilan otish usullarini takrorlagan, 2012 yilgi Olimpiya chempionlari Arsen Galstyan, Mansur Isayev va Tagir Xaybulayev bilan tatamiga chiqqan.

Putin 11 yoshidan beri sharq yakkakurash turlari bilan shug‘ullanib keladi. Dzyudo va sambo bo‘yicha sport ustasi hisoblanadi. 2006 yilda Yevropa dzyudo ittifoqi faxriy prezidenti bo‘lgan, 2010 yilda Janubiy Koreyaning Yenin universitetining  "Dzyudo professori" faxriy diplomi bilan taqdirlangan. 2014 yilda 8-dan – Kekusin-kan karate danini olgan. 

Dzyudo bo‘yicha Rossiya chempionati 8-11 sentabrlarda Xabarovskda bo‘lib o‘tadi.

 

Top