12:04 / 26.08.2016
9759

O‘zbekiston TIVda Qirg‘iziston elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

2016 yilning 25 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Qirg‘iziston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Daniyar Sidikov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bergan.

"Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning ayrim masalalari muhokama qilindi", — deyiladi xabar matnida.

Eslatib o‘tamiz, 22 avgust kuni O‘zbekiston hududiga noqonuniy o‘tgan qirg‘izistonliklar qo‘lga olingandi.

Sputnik agentligi ma'lumotiga ko‘ra, Namangan viloyati IIB xodimlari 22 avgust kuni viloyatning Chortoq tumanida joylashgan Ungor-Tepa tepaligida pasport rejimi tekshiruvini o‘tkazgan. Tekshiruv jarayonida O‘zbekiston hududida noqonuniy ravishda bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarolari, Qirg‘iziston radio-rele stansiyasi xodimlari A.Urmanov, J.Tashmatov, U.Yeraliyev va N.Usupbayev qo‘lga olingan. Qonunbuzarlar mahalliy militsiya bo‘limiga olib kelingan, ularga nisbatan O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq chora ko‘rilgan.

IIV tomonidan ta'kidlanishicha, ilgari erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarga qaramasdan, Qirg‘iziston huquq tartibot organlari besh oydan ortiq vaqt davomida Namangan viloyati Kosonsoy tumani O‘rta-To‘qay aholi maskaniga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon, yonilg‘i-moylash materiallari va boshqa zarur mahsulotlarni o‘tkazmasdan maskan aholisini qamalda ushlab turgan.

Bundan tashqari, Kosonsoy suv omborini qo‘riqlash bo‘yicha o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan Kosonsoy tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi Qirg‘iziston kuch tizimlari tomonidan noqonuniy qo‘lga olingan va ushbu mamlakat hududida o‘n kundan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan.

Mavzuga oid
Top