12:28 / 27.08.2016
6474

Xitoy pochta jamg‘arma banki yirik IPO amaliyotiga ruxsat oldi

Foto: Reuters/Pixstream

XXR pochta jamg‘arma banki (PSBC) IPO amaliyotini o‘tkazish uchun Hongkong fond birjasi ruxsatini oldi, deb xabar qilmoqda Bloomberg agentligi. Ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur IPO joriy yilda dunyo bo‘yicha eng yirik moliyaviy amaliyot bo‘lishi mumkin. Bank rahbariyati, shu bilan 8 mlrd dollar mablag‘ni jalb qilishni rejalashtirgan.

Bank qo‘lga kiritilgan mablag‘larni biznesini kengaytirishga yo‘naltiradi. 
PSBC kelasi haftadan aksiyalarini chiqarishi mumkin, biroq Reuters agentligi manbasiga ko‘ra, IPO sentabr oyida amalga oshiriladi. 

Xitoy Davlat pochtasiga qarashli PSBC —mamlakatning aktivlari bo‘yicha oltinchi yirik moliya muassasasi hisoblanadi. Uning ixtiyorida 6,3 trln yuan yoki 1 trln AQSh dollari miqdorida mablag‘ bor. 

Dunyoning yirik moliya institutlari Goldman Sachs, Morgan Stanley, International Capital, JP Morgan Chase va Bank of America bo‘lg‘usi IPO tashkilotchilari ekani xabar qilinmoqda. UBS Group moliyaviy maslahatchi vazifasini bajaradi. 

Xitoy fond bozorining o‘zgaruvchanlikka o‘ta moyilligiga qaramay, o‘tgan yil dekabr oyida PSBC strategik sarmoyadorlar, xususan UBS Group, JP Morgan va Tencent banklarining 7 mlrd dollar mablag‘ini jalb eta olgandi. Pochta bankining 500-million mijozi borligi sarmoyadorlar e'tiborni tortgan. Shu bilan birga, PSBC mamlakat bo‘ylab eng yirik tarmoqqa ega, uning shaxobchalari soni 40 057tani tashkil etadi. 

IPO (Initial public offering) –aksiyalarni fond bozoriga joylashtirishning bir turi bo‘lib, bunda aksiyalarni ishonchli sarmoyadorlar guruhi xarid qilib, so‘ngra ular mazkur aksiyalarni bozorda sotadi. Shu bilan, sotiladigan aksiyalarning kafolati ta'minlanadi. 
 

Top