08:38 / 29.08.2016
4559

Hindistondagi toshqinlarda 156 kishi halok bo‘ldi, 1,4 mln kishi jabr ko‘rdi

Foto: AP

Hindiston sharqidagi Bixar shtatidagi toshqinlar qurbonlari soni 156 kishiga yetdi, 1,4 mln aholi mol-mulki va uyidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda Hindistonning tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish milliy boshqarmasi ma'lum qildi.

Boshqarma ma'lumotlariga ko‘ra, "o‘tgan kun ichida 3 kishi, oxirgi ikki hafta ichida esa 156 kishi halok bo‘lgani qayd qilingan". Hammasi bo‘lib tabiiy ofatdan Bixarning 12 okrugidagi 2024 qishloqdagi 1,4 mln kishi jabr ko‘rdi. Kuchli yomg‘irlar tufayli 8 mln gektar qishloq xo‘jaligi yerlari suv ostida qoldi, yo‘llar yuvilib ketdi, o‘nlab ko‘priklar shikastlandi yoki to‘liq vayron bo‘ldi. 

Qutqaruvchilar qayiqlarda xavfli hududlardan 556 ming kishini evakuatsiya qildilar, ulardan 303 ming nafari 598 ta vaqtinchalik yashash lagerlariga jo‘natilgan, qolganlari esa qarindoshlarinikida boshpana topganlar.

Bixardagi toshqinlar shtat orqali oqib o‘tuvchi 6 ta yirik daryo, jumladan Gang daryosidagi suv sathi katta miqdordagi musson yomg‘irlar tufayli oshgani sababli yuz bergan.

Top